Kurashni Afrika va Yevropa yoshlar oʻyinlari dasturlariga kiritish boʻyicha muhim qadam qoʻyildi

23:38 23 Oktyabr 2022 Sport
691 0

Foto: Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi

Shu yilning 18-21-oktyabr kunlari Janubiy Koreyaning Seul shahrida Milliy olimpiya qoʻmitalari assotsiatsiyasining (ANOC) XXVI Bosh assambleyasi boʻlib oʻtdi.

Nufuzi jihatidan Xalqaro olimpiya qoʻmitasidan keyingi oʻrinda turadigan tashkilotining eng muhim anjumanida dunyoning barcha milliy olimpiya qoʻmitalari vakillari, Xalqaro olimpiya qoʻmitasi aʼzolari va xalqaro sport oʻyinlari tashkiliy qoʻmitalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Mazkur nufuzli sport anjumanida Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo Olimpiya Kengashi Osiyo oʻyinlari Bosh direktori, Olimpiya oʻyinlari boʻyicha ANOC ishchi guruhi aʼzosi Haydar Farman va Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ziyoviddin Hojiniyazovlar ishtirok etib, kurashni dunyo boʻyicha keng ommalashtirish boʻyicha koʻplab uchrashuvlar oʻtkazildi.

Eng muhim uchrashuvlardan biri Afrika Milliy Olimpiya qoʻmitalari Assotsiatsiyasi (ANOSA) prezidenti janob Mustafa Berraf bilan boʻlib oʻtdi.

Muhokamalar yakunida tomonlar kurashni Afrika oʻyinlari dasturiga kiritish boʻyicha amalga oshirish lozim boʻlgan vazifalarni kelishib olishdi. Bu esa milliy sportimiz kurashning Afrika qitʼasida keng rivojlantirish yoʻlida tarixiy voqeadir.

Mustafa Berraf janoblari qitʼa sportida oʻziga xos transformatsiya jarayonlari ketayotganligini taʼkidladi. Kurash sporti Afrikadagi oʻzgarishlarning bir qismi boʻlishiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, uchrashuvlar davomida Yevropa olimpiya qoʻmitasi aʼzolari bilan ham muzokaralar olib boriladi. Kurashni Yevropa yoshlar oʻyinlariga Dasturiga kiritish boʻyicha dastlabki kelishuvlar amalga oshirildi. Mazkur masala boʻyicha muzokaralarning amaliy bosqichi davom etmoqda.

Qayd etib oʻtish lozimki, qitʼa oʻyinlari Olimpiya oʻyinlaridan keyingi oʻrinda turadigan nufuzli sport bayramidir. Kurashning qitʼa oʻyinlar dasturidan rasman oʻrin olishi kelgusida Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilishida muhim ahamiyatga egadir.

IKA rahbariyati tomonidan kurash 2018-yili Indoneziyada boʻlib oʻtgan yozgi Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan edi.

2023-yil Xitoyning Xanjou shahrida boʻlib oʻtadigan navbatdagi yozgi Osiyo oʻyinlarida ham kurash boʻyicha rasmiy bellashuvlar boʻlib oʻtadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?