Konstitutsiya – “Inson – Jamiyat – Davlat” tamoyillarini mustahkamlovchi asosiy kuch

14:30 08 Dekabr 2025 Jamiyat
202 0

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 21-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoyishiga muvofiq, yurtimizda “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan gʻoya asosida Bosh qomusimizning 33-yilligi keng va koʻtarinki ruhda nishonlanmoqda.

Konstitutsiya — har bir davlatning siyosiy, huquqiy va ijtimoiy hayotini belgilab beradigan eng oliy huquqiy hujjatdir. U nafaqat davlat hokimiyati organlari faoliyatini tartibga soladi, balki jamiyatning ijtimoiy tuzilmasi, fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklari, shuningdek, davlatning inson oldidagi burch va majburiyatlarini ham aniq belgilab beradi. Shu bois Konstitutsiya zamonaviy davlatlar taraqqiyotida barqarorlikni taʼminlaydigan bosh mezon sifatida eʼtirof etiladi. Shu sababli Konstitutsiya zamonaviy davlatlar taraqqiyotida asosiy barqarorlashtiruvchi kuch sifatida qaraladi. 1992-yil 8-dekabr sanasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi muhim siyosiy, huquqiy hujjat sifatida jahonda yangi, suveren, istiqboli porloq davlat dunyoga kelganining oʻziga xos tarixiy shahodatnomasi boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi — diyorimiz mustaqilligining yorqin timsoli, baxtimiz qomusi, xalqimizning or-nomusi hisoblanadi. Zero, uning har bir moddasi, har bir bandida nafaqat xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyorlari, balki milliy bagʻrikenglik, adolat va insonparvarlik tamoyillari ham oʻz ifodasini topgan. Bu muqaddas qomus xalqimizning azmu shijoati, erkin va farovon hayot barpo etishga boʻlgan qatʼiy intilishining amaldagi kafolatidir.

2023-yil 30-aprel kuni boʻlib oʻtgan tarixiy referendum natijasida esa Konstitutsiyaning yangi tahriri maʼqullandi. Yangi tahrirdagi Asosiy qonunimiz 6 boʻlim, 27 bob, 155 ta moddadan iborat boʻlib, undagi normalar soni 275 tadan 434 taga yetdi. Natijada Konstitutsiya mazmuni qariyb 65 foizga oʻzgardi va eng muhimi, yurtboshimizning siyosiy irodasi, xalqimizning bevosita taklif va tashabbuslari asosida “Xalq Konstitutsiyasi” sifatida yangilandi.

Konstitutsiyaning yangi tahriri qabul qilinganidan keyin, unda belgilangan normalar jamiyat hayotining barcha jabhalarida chuqur amaliy mazmun kasb etmoqda. Mazkur hujjat inson qadri, uning shaʼni va huquqlarini oliy qadriyat sifatida eʼtirof etish tamoyilini yanada mustahkamladi. Shu boisdan ham “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan gʻoya nafaqat bayonot, balki davlatimiz siyosatining mohiyatini ifodalovchi bosh tamoyilga aylandi.

Oʻzbekiston Prezidenti taʼkidlaganidek, “yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz boʻldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Eng muhimi, endi islohotlarimiz yoʻlidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz”. Ushbu oʻzgarishlar Oʻzbekistonning zamonaviy rivojlanishiga, inson huquqlarini hurmat qilishga va demokratik institutlarni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Xalqaro hamjamiyat namoyandalari tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotning amaliy ifodasi, betakror tajribasi yuqori baholanmoqda Oʻz oʻrnida Konstitutsiyamiz yaratib bergan keng koʻlamli huquqiy imkoniyatlarning samarasi boʻlgan yutuq va natijalar barchamizga albatta yuksak gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.

Darhaqiqat, Konstitutsiya jamiyatimizning barcha sohalarini, shu jumladan iqtisodiyot, siyosat, madaniyat, sport, sanʼat va taʼlimni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda ushbu hujjat bizning hayotimizning ajralmas qismiga aylangan boʻlib, davlat boshqaruvining barcha yoʻnalishlarida hal qiluvchi oʻrin tutmoqda.

Asosiysi, mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot yuqori baholanib, bu borada Oʻzbekistonning tutgan yoʻli dunyo hamjamiyati tomonidan ham toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu esa nafaqat mamlakatning ichki siyosiy barqarorligini mustahkamlaydi, balki uning xalqaro maydondagi obroʻsi va ishonchliligini yanada oshiradi.

Konstitutsiyada jamiyatning har bir aʼzosi uchun munosib hayot sharoiti yaratish, ijtimoiy adolatni taʼminlash, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish, davlat boshqaruvini xalq manfaatlariga xizmat qiladigan tizimga aylantirish boʻyicha aniq huquqiy yoʻnalishlar belgilangan. Xususan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya kabi sohalarda davlat majburiyatlarining kengaytirilgani yurtimizda inson kapitali rivojiga alohida eʼtibor qaratilayotganidan dalolat beradi.

Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada inson huquqlarini himoya qilishga alohida eʼtibor qaratilgan. Har bir fuqaroning huquq va erkinliklari kafolatlangan. Konstitutsiyaning 42-moddasida fuqarolarning mehnat qilish huquqiga oid normalar takomillashtirildi, 50-moddasida taʼlim olish huquqi, 58-moddasida gender tengligi siyosati yana bir bor mustahkamlandi. XIII bobida “Fuqarolik jamiyati institutlari”, deb nomlanadi. Mazkur bob 7 ta muhim moddadan iborat boʻlib, 130 dan ortiq millat va elatlar yashovchi Oʻzbekistonda har bir fuqaroning hayotiga, uning farovonligiga va shaxsiy xavfsizligiga davlat tomonidan koʻrsatiladigan eʼtibor alohida huquqiy vakolat bilan mustahkam taʼminlangan. Shu bilan birga, u mamlakatimizda yashovchi har bir insonning teng huquqliligi va himoyalanganligini qonuniy jihatdan kafolatlaydi. Bundan tashqari Bosh qomusimizda fuqarolar tengligi tamoyili kafolatlangani, mamlakatimizda keyingi yillarda huquq va imkoniyatlar tengligini amalda taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan islohotlar zamonaviy demokratik taraqqiyotga xizmat qilmoqda. Bu “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni roʻyobga chiqarishda poydevor vazifasini bajarmoqda. Har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etish, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimini yaratib berish hayotiy maqsadga aylandi. Bu, avvalambor, mansabdor shaxslarning ham, fuqarolarning ham Konstitutsiyani bilishlarini qatʼiy talab etadi. Yuksak huquqiy madaniyatsiz Konstitutsiyaning boy salohiyatini toʻliq amalga oshirish mumkin emas. Ammo Konstitutsiyani bilishning oʻzi bilan ham kifoyalanib boʻlmaydi. Shu bois jamiyatda konstitutsiyaviy madaniyatni shakllantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Muxtasar aytganda Konstitutsiyamizda davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar qatʼiy belgilab berilgani bu fikrning yaqqol isbotidir. Bugun biz shu yuksak qadriyatlar, erkinlik, tenglik va har tomonlama adolatli jamiyat barpo etish yoʻlidan borar ekanmiz, avvalo, kelgusi avlodni ona Vatanga muhabbat jonajon Oʻzbekistonimizga sadoqat ruhida kamol toptirishda yanada masʼuliyat bilan yondashishimiz lozimdir. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, yangi Konstitutsiya – Yangi Oʻzbekistonning demokratik, adolatli va taraqqiy etayotgan davlat sifatida shakllanishi yoʻlida mustahkam huquqiy poydevor va milliy yuksalishning yaqqol ifodasi sifatida qadrli ekanini namoyon etadi.

Feruz Hakimov,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi tayanch doktoranti,

“Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?