Komplayens tizimi — qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi samarali mexanizm

11:44 25 Dekabr 2025 Jamiyat
219 0

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, eng muhimi — korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bu boradagi islohotlarni yanada samarali tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Prezidentimizning tegish farmon va qarorlari qabul qilindi. Ushbu hujjatlar komplayens tizimi joriy etishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Komplayens tizimi nima?

Komplayens — tashkilot faoliyatining qonunchilik, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, ichki qoidalar va axloqiy standartlarga muvofiqligini taʼminlashga qaratilgan tizimdir. U faqat nazorat emas, balki oldini olish, profilaktika va masʼuliyat madaniyatini shakllantirish vazifasini ham bajaradi.

Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, samarali komplayens tizimi mavjud boʻlgan mamlakat va tashkilotlarda korrupsiya xavfi kamayadi,

davlat va jamiyat oʻrtasida ishonch ortadi, investitsiyaviy jozibadorlik kuchayadi. Shu boisdan ham davlat organlari va davlat ulushi mavjud korxonalarda korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat tizimi joriy etilmoqda.

Bu orqali korrupsiya, huquqbuzarliklar hamda ishonchsizlik muammolarini bartaraf etish choralari koʻrilmoqda, fuqarolar uchun davlat idoralari, korxona va tashkilotlar faoliyatida shaffoflik, adolat va qonun ustuvorligi tamoyillari taʼminlanmoqda.

Komplayens — faqat nazorat emas...

“Oʻzavtosanoat” Aksiyadorlik Jamiyatning tizim osti korxonalaridan biri boʻlgan, “Alyans Auto” MCHJda 2020-yil 12-noyabrdan boshlab komplayens tizimi joriy etilgan boʻlib, ushbu yoʻnalishda tizimli ishlar olib borilmoqda. Jamiyat rahbarining 2023-yil 15-oktyabrdagi “Komplayens nazoratiga oid hujjatlarni koʻrib chiqish va tizimlashtirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi asosida qator ichki normativ hujjatlar ishlab chiqildi.

Jumladan, porahoʻrlik va korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, manfaatlar toʻqnashuvi siyosati, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti, xabar berish kanallari orqali kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish reglamenti, xodimlarning etika va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻqitilishini tashkil etish yoʻriqnomalari, biznes hamkorlarini kompleks tekshirish, xizmat tekshiruvlarini oʻtkazish, sovgʻalar va mehmondoʻstlikka oid nizomlar kabi muhim hujjatlar amaliyotga joriy etildi.

Mazkur hujjatlar xaridlar jarayoni, xodimlarni ishga qabul qilish, manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish, xizmat safarlari, xayriya va boshqa yoʻnalishlarda toʻliq tatbiq etilmoqda hamda muntazam ravishda yangilanib borilmoqda.

Zero, komplayens tizimining muvaffaqiyati faqat hujjatlar bilan emas, balki xodimlarning ongi va madaniyati bilan ham bogʻliqdir.

Shu bois jamiyat xodimlari uchun muntazam oʻquv seminarlari, tushuntirish ishlari tashkil etilmoqda. Anonim murojaatlar uchun ishonch telefoni, maxsus elektron pochta manzili va ichki portal orqali xabar qoldirish imkoniyati yaratilgan boʻlib, barcha murojaatlar maxfiy ravishda koʻrib chiqish tizimi yaratilgan.

Barcha xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi qoidalar kiritilgan. 2025-yil davomida jamiyat xodimlari uchun sanksiyalar va eksport nazorati, tanlov asosida ishga qabul qilish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni ragʻbatlantirish hamda sovgʻalarga oid talablar boʻyicha qator treninglar oʻtkazildi.

Shuningdek, korrupsiyaviy xavf-xatar mavjud lavozimlarda ishlovchi 17 nafar xodim 2025-yil iyul oyida Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Davlat xizmatida halollikni taʼminlash” mavzusida maxsus oʻquv kurslarida qatnashib, tegishli sertifikatlarga ega boʻldi. Korrupsiyaga qarshi kurashish — bir kishining emas, balki barchamizning umumiy burchimiz. Komplayens esa tashkilotda adolat, poklik va shaffoflikni taʼminlaydigan muhim mexanizm hisoblanadi. Shu boisdan ham “Alyans Auto” MCHJda komplayens tizimi bosqichma-bosqich takomillashtirilib, korporativ madaniyatni yuksaltirish, ishonchli biznes muhitini shakllantirish va kompaniya imidjini oshirishga xizmat qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, komplayens tizimi Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashning taʼsirchan vositasi, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlovchi muhim mexanizm, qonun ustuvorligini mustahkamlovchi institut sifatida izchil rivojlanib bormoqda. U faqat hujjat emas, balki boshqaruv madaniyati hamdir. Uni samarali joriy etish orqali davlat organlarida halollik, javobgarlik va qonun ustuvorligi taʼminlanadi.

O. AYUBOV, “Alyans Auto” MCHJ Bosh direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?