Kitobdagi maktabda oʻndan ortiq fan umuman oʻqitilmayotgani aytildi

19:00 04 Noyabr 2025 Jamiyat
300 0

Illyustrativ foto

Ijtimoiy tarmoqlarda Kitob tumanidagi 60-maktabning Shut qishlogʻida joylashgan filialida matematika, informatika, geografiya, tasviriy sanʼat, chizmachilik, fizika, kimyo, astronomiya, iqtisodiy bilim asoslari, musiqa madaniyati, oʻzbek va jahon tarixi, davlat huquqi asoslari, tarbiya, ingliz tili kabi fanlar umuman oʻqitilmayotgani haqida xabar tarqaldi. Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi mazkur vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Maʼlum qilinishicha, holat bir necha hafta oldin viloyat MMTB tomonidan oʻrganilgan. Unga koʻra, tumanning “Kuhsor” MFY Denovbola qishlogʻida joylashgan 60-maktabning Shut qishlogʻidagi filiali 40 oʻrinli boʻlib, tuman markazidan 95 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Ushbu muassasada: 1-sinfda 7 nafar, 2-sinfda 8 nafar, 4-sinfda 5 nafar, 5-sinfda 2 nafar, 6-sinfda 6 nafar, 8-sinfda 5 nafar, 9-sinfda 6 nafar, 11-sinfda 3 nafar, jami 42 nafar oʻquvchilarga 3 nafar boshlangʻich sinf, 1 nafar tojik tili, 1 nafar davlat tili, 1 nafar biologiya, 1 nafar texnologiya – 7 nafar oʻqituvchi taʼlim berib kelmoqda.

Qayd etilishicha, Shut qishlogʻida yashovchi Xudoynazar Izzatullayev Tojikiston davlatidagi oliygohini matematika yoʻnalishini tamomlagan. U vakantdagi 25 soat matematika hamda 5 soat informatika fanlarini oʻqitishi uchun ishga olingan.

Bundan tashqari, ushbu qishloqda yashovchi, Qarshi pedagogika va iqtisodiyot universitetining geografiya yoʻnalishi boʻyicha 4-kurs talabasi Istamqul Kamolzodaga vakantdagi 5 soat geografiya, 1 soat iqtisodiy bilim asoslari, 12 soat tarix hamda 3 soat davlat huquqi asoslari darslari berilgan.

Vakantdagi ingliz tili hamda kimyo fanlarini oʻqitish uchun esa Shahrisabz tumani Koʻl qishlogʻida joylashgan 64-sonli maktabning oʻqituvchilari Amrullo Safarov kimyo fanidan, Mahmud Kamolov ingliz tili fanidan ishga qabul qilingan.

Shuningdek, hozirgi kunda tasviriy sanʼat va chizmachilik fanidan B. Rahmatov dars bermoqda.

Taʻkidlanishicha, ustozlar oʻquv yilining 2-choragidan boshlab filialda dars mashgʻulotlarini oʻtishni boshlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер