Kichkintoylar fransuz tilini oʻrganishyapti

14:01 22 Yanvar 2026 Jamiyat
206 0

Bolalikning ilk pallasida xorijiy tilni oʻrganishga kirishganga ne yetsin. Namangandagi bir qator bogʻchalarda fransuz tilini oʻrganish borasida tashlangan qadam ayni harakatga qanot bagʻishlaydi. Hozirgi kunda viloyatdagi 24 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tayyorlov guruh tarbiyalanuvchilari “Kokoro Lingua”: bolalarga chet tillarini erta yoshdan oʻrgatish dasturi asosida saboq olishga kirishgan. Mashgʻulotlarga kichkintoylarni tabiiy suratda, qiziqarli usullar orqali jalb etiladi. Bunda interfaol videodarslar yordamida kelajagimiz egalarida til koʻnikmalarini shakllantirish, oʻyin asosida oʻrganish jarayonlarini tashkil etish ustuvor oʻrin olgan.

-“Kokoro Lingua” platformasidan foydalanishga oldingilar qatorida kirishdik, -deydi Namangan shahridagi 17-DMTT direktori Goʻzal Tojiboyeva. – Tayyorlov guruhidagi 30 nafar tarbiyalanuvchi dasturga joylashtirilgan 10 ta videodarsga tayangan holda bir yil davomida fransuz tilini bepul oʻrganadilar. Tajribali pedagog Dilshoda Haydarova bolalarga kundalik soʻzlashuvda qoʻllaniladigan oddiy iboralar, oʻyinchoqlar va harakat atamalarini tanishtirish orqali dastlabki koʻnikmalarni singdirmoqda.

Kuni kecha Namanganda “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida Fransiyadagi “Kokoro Lingua” kompaniyasining innovatsion fransuz tilini oʻrganish platformasidan samarali foydalanish” mavzusida mintaqaviy seminar tashkil etildi. Unda loyiha koordinatori Isallin Chau, shuningdek vodiy viloyatlaridan 200 nafardan ortiq maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor oʻrinbosarlari ishtirok etdi.Tadbir davomida bolalarni chet tillariga tabiiy, qiziqarli va yosh xususiyatlariga mos metodlar asosida oʻrgatish imkoniyatlari atroflicha yoritib berildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?