Kiberhujumlar avj olmoqda — shubhali faylni ochmang

13:45 01 Sentyabr 2025 Jamiyat
30 0

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda kiberxavfsizlikka jiddiy tahdid paydo bo‘ldi. Telegram va boshqa messenjerlar orqali turli zararli fayllar tarqatilmoqda. Ular asosan .exe, .vbs, .bat, .cmd, .sh kabi kompyuter fayli yoki mobil qurilmalar uchun .apk ko‘rinishida bo‘ladi. Shunday fayllarni ochishingiz bilan qurilma nazoratini yo‘qotish, shaxsiy ma’lumotlaringiz o‘g‘irlanishi, hatto Telegram’ingizga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘lish xavfi mavjud. Ayrim hollarda bunday fayllar taniqli shaxs yoki do‘stingizdan kelgandek ko‘rinadi, lekin ular ortida firibgarlar turgan bo‘ladi.

Kiberhujumchilar ko‘pincha odamlarni aldash uchun soxta havolalardan, “captcha” sahifalaridan yoki soxta treyderlar va xizmatlardan foydalanishadi. Ular foydalanuvchini maxsus buyruqni ishga tushirishga majburlaydi va shu orqali tizimga kirib oladi. Android qurilmalarida esa yolg‘on ilovalar orqali zararli dasturlar o‘rnatiladi. Ular SMS-kodlarni o‘g‘irlaydi, banking ma’lumotlariga kirib oladi yoki qurilmani to‘liq nazorat qiladi. O‘zbekistonda shunday holatlar qayd etilgan va ayrim hollarda jinoyatchilar ushlangani haqida rasmiy axborotlar ham tarqatilgan.

Mutaxassislar eng avvalo foydalanuvchilarni shubhali fayllarni ochmaslikka chaqirmoqda. Fayl tanishingizdan kelsa ham uning haqiqiyligini mustaqil manba orqali tekshirish zarur. Mobil qurilmalarga dasturlarni faqat rasmiy do‘konlardan — Google Play yoki App Store’dan yuklab olish mumkin. Operatsion tizim va antivirus doim yangilanib turishi shart, chunki ular sizning qurilmangizdagi katta xavflarni oldini oladi. Shuningdek, elektron pochta va ijtimoiy tarmoqlarda ikki bosqichli himoyani faollashtirish tavsiya etiladi.

Agar shubhali faylni ochib qo‘ygan bo‘lsangiz, qurilmani internetdan uzing, yaqinlaringizga ham bu haqda xabar bering va mutaxassislarga murojaat qiling. Bank xizmatlari bilan bog‘liq muammo yuzaga kelsa, darhol karta va hisoblarni bloklash chorasini ko‘rish zarur. Har qanday holatda ham hushyorlik va ehtiyotkorlik — sizning asosiy himoya vositangiz.

Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutasaddilar ta’kidlaganidek, fuqarolar orasida ogohlikni oshirish eng muhim chora hisoblanadi. Shu maqsadda turli oliygoh va mahallalarda “Xavfsiz kibermakon” shiori ostida profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Talabalar va ota-onalarga kiberjinoyatlar qanday sodir etilishi va ulardan qay tarzda himoyalanish mumkinligi batafsil tushuntirilmoqda. Bu esa xavfsizlik madaniyatini shakllantirishga, odamlarning firibgarlar tuzog‘iga tushib qolish ehtimolini kamaytirishga xizmat qiladi.

Bir og‘izda aytganda, bugun kiberxavfsizlik har birimiz uchun hayotiy ahamiyatga ega. Hushyor va ogoh bo‘lish, har qanday shubhali fayl yoki havoladan voz kechish, turli yo‘llar bilan tarqalayotgan firibgarliklarga ishonmaslik orqali o‘zimiz va yaqinlarimizni asrab qolishimiz mumkin.

Baxodir KARIMOV,

Uchtepa tumani IIOFMB XPB ATSJOOB xodimi,

katta leytenant.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер