Xorvatiyani magʻlubiyatga uchratdik, lekin qachon Xorvatiyadan kuchliroq boʻlamiz?
Kecha Islom Ismoilov boshchiligidagi Oʻzbekiston U17 terma jamoasi Jahon chempionatining 1/16 final bosqichida Xorvatiya terma jamoasini penaltilar seriyasiga koʻra magʻlubiyatga uchratdi.
Xorvatiyadek mamlakat jamoasini magʻlub etilishi barcha oʻzbekistonlik muxlislar uchun katta sharaf boʻlishi mumkin. Aslida, Xorvatiya Oʻzbekiston bilan bir xil potensialga ega mamlakat. Aholining yashash tarzidan tortib iqtisodiy imkoniyatlargacha.
Xorvatiyaning yer maydoni Oʻzbekistonnikidan qariyb 8 barobarga kichik. Mamlakat aholisi esa Oʻzbekiston aholisidan 9 barobarga kam. Yoshlar futbolida koʻrsatilayotgan natijalar boʻyicha ham Oʻzbekiston oldinroq.
Ammo, ushbu mamlakatning milliy terma jamoasi soʻnggi 2 ta Jahon chempionatida sovrindor boʻldi. Ushbu jamoaning sardori Luka Modrich 2018-yil Oltin Toʼp mukofotiga sazovor boʻldi. Xoʻsh, Oʻzbekiston bilan bir xil potensialga ega Xorvatiya bu natijalarga qanday erishdi? Oʻzbekiston nimani eplay olmayapti?
Tahlil qilinsa, juda uzoq vaqtini oladigan mavzular. Lekin bitta misol bilan tushuntirishga harakat qilaman.
2013-yil
2013-yil Turkiyada 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Jahon chempionati musobaqasi oʻtkazildi. Ushbu turnirda Ahmadjon Musayev boshchiligidagi Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi munosib ishtirok etdi va musobaqaning chorak finaliga qadar yetib bordi. Oʻzbekistonni Jahon chempionatida kuchli sakkizta mamlakat qatoridan oʻrin olgani juda katta yutuq sifatida baholandi. Lekin futbol mutaxassislari eng muhim omilni yodidan chiqarishdi.
Yaʼni oʻsmirlar va yoshlar futbolidan natija kutish toʻgʻri emas. Agar natija qoʻlga kiritilgan taqdirda ham bundan koʻp quvonmaslik kerak. Bunday musobaqalardan asosiy maqsad yosh futbolchilarning xalqaro tajribasini oshirish va kattalar futboliga kirishib ketishlariga koʻmaklashish boʻlish kerak aslida. Ammo, biz faqat natijadan quvondik va asosiy masalalar yodimizdan koʻtarildi.
2013-yilgi musobaqaga qaytsak, ushbu turnirning guruh bosqichida Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi Xorvatiya yoshlari bilan toʻqnash kelishdi. Oʻyin 1:1 hisobida yakunlandi. Oʻyin “oq boʻrilar”ning total ustunligi ostida oʻtdi. Musobaqadan keyin futbol mutaxassislar Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi futbolchilarining potensialiga yuqori baho berishdi. Ammo, oʻsha kuni biznikilardan yomonroq oʻynagan Xorvatiya yoshlari keyinchalik katta futbolda muvaffaqiyatliroq faoliyat olib borishdi.
Oʻsha kuni Oʻzbekiston U20 terma jamoasi quyidagi tarkib bilan oʻyinni boshlagan edi:
Asilbek Amanov;
Sardor Rahmonov;
Bobur Yoʻldoshev;
Tohir Shamsiddinov;
Maksimillian Fomin;
Abbos Maxsitaliyev;
Diyor Turopov;
Vladimir Kozak;
Sardor Sobirxoʻjayev;
Jamshid Iskandarov;
Igor Sergeyev.
Keyinchalik, zaxiradan oʻyinga Jaloliddin Masharipov, Abdulaziz Yusupov va Muhsin Ubaydullayev qoʻshilishdi.
Endi baholashimiz mumkin. Ushbu futbolchilarning birortasi Yevropa TOP-5 klublarida oʻynashmadi. Masharipov, Sergeyev, Iskandarov kabi futbolchilarning faoliyati yorqinroq boʻldi. Ammo, ular ham oʻzlaridan kutilgan ishni 5/1 ni ham uddalay olmadilar.
Sobirxoʻjayev, Rahmonov, Turopov, Ubaydullayev, Yoʻldoshev kabi futbolchilar esa Superliga miqyosida oʻz nomiga ega boʻlgan, ammo Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga mos nomzod boʻla olmagan futbolchilarga aylanishdi. Kozak, Fomin, Maxsitaliyev, Shamsiddinov, Yusupov kabi futbolchilar esa Superligning oʻrtamiyona jamoalaridagi bir muddatli faoliyatlaridan soʻng, oʻzbek futbolidan yoʻqolib qolishdi.
Xorvatiya terma jamoasi oʻyinni qanday tarkib bilan boshlaganiga ahamiyat beramiz:
Oliver Zelenika;
Ivan Aleksich;
Niko Datkovich;
Jozo Shimunovich;
Toni Gorupes;
Filip Mrzlak;
Dario Chanadjiya;
Xrvoye Milichevich;
Ante Rebich;
Marko Pyatsa;
Marko Livaya.
Ushbu futbolchilardan oltitasi keyinchalik Yevropa TOP-5 chempionatlarida faoliyat olib bordilar:
Niko Datkovich — “Spetsiya”;
Xrvoye Milichevich — “Peskara”;
Dario Chanadjiya — “Spetsiya”;
Marko Livaya — “Inter”, “Atalanta”, “Empoli”, “Las-Palmas”;
Marko Pyatsa — “Yuventus”, “Fiorentina”, “Genoa”, “Torino”, “Empoli”, “Shalke”;
Ante Rebich — “Fiorentina”, “Leypsig”, “Verona”, “Ayntraxt”, “Milan”, “Lechche”.
Shuningdek, Oliver Zelenika, Toni Gorupes, Jozo Shimunovich kabi futbolchilar Portugaliya, Shotlandiya, Polsha kabi mamlakatlarning top klublarida toʻp surishdi.
Umumiy qilib aytganda, Oʻzbekistonga qarshi oʻyinda asosiy tarkibda maydonga tushgan futbolchilardan 9 tasi keyinchalik katta futbolga kirishib keta oldilar.
Shuningdek, oʻsha oʻyinda zaxiradan maydonga tushgan Petar Brlek “Genoa”da, Stipe Peritsa esa “Chelsi”, “Uotford”, “Udineze”, “Frozinone” kabi TOP-5 jamoalarida oʻynadi. Ayni paytda Ispaniyaning “Jirona” klubi sharafini himoya qilayotgan Dominik Livakovich esa oʻsha oʻyinda zaxirada edi.
Xullas, garchi ushbu musobaqada Oʻzbekiston singari kuchli sakkiztalikdan oʻrin olmagan boʻlsalar-da, xorvatiyalik futbolchilar keyinchalik muvaffaqiyatliroq faoliyat olib bordilar.
Yakuniy gap oʻrnida shuni aytishimiz mumkin: Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasining Xorvatiya ustidan qozonilgan gʻalabasiga koʻp ham eʼtibor berish kerak emas. Muhimi, ushbu futbolchilarimiz kelajakda ham xorvatiyalik futbolchilardan kuchliroq boʻlishsin.
Muhammadamin Zuhriddinov,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring