Xorijda ishlab qaytgan yosh mutaxassis Sirdaryoda innovatsion kardioxirurgik operatsiyalar oʻtkazmoqda

18:17 20 Avgust 2022 Jamiyat
1092 0

Foto: SSV matbuot xizmati

Endovaskulyar jarrohlik amaliyotining afzalliklari koʻp. Avvalo, tanaga tigʻ tegmaydi, operatsiya qisqa davom etadi. Muolajadan keyin bemorning tiklanish jarayoni oson kechadi. Qolaversa, ochiq operatsiyada kuzatilishi mumkin boʻlgan salbiy asoratlar deyarli kuzatilmaydi.

Shu bois ham bugun zamonaviy kardioxirurgiyada ushbu innovatsion jarrohlik usuli amaliyotda keng qoʻllanilmoqda. Biroq buning uchun muhim talab — malakali mutaxassislar bilan bir qatorda, eng soʻnggi rusumdagi tibbiy jihoz va uskunalar zarur boʻladi.

Ochigʻini aytish kerak, yaqin yillargacha bu kabi muolaja usullarini amalga oshirish uchun yurtimiz klinikalarida imkoniyatlar yetarli emasdi. Bugun esa joylarda ham yurak-qon tomirlarining yuqori texnologik diagnostikasi va kam invaziv stentlash amaliyotlarini bajarish imkonini beruvchi ilgʻor tibbiy jihozlar bilan taʼminlangan endovaskulyar xirurgiya boʻlimlari tashkil etilmoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialida ochilgan ana shunday boʻlimda bugun yurak-qon tomir tizimi kasalliklariga chalingan koʻplab bemorlarning ogʻir dardiga aniq tashxis qoʻyilib, samarali davolanyapti.

— Buning uchun bizda yetarlicha shart-sharoit, eng soʻnggi rusumdagi angiograf apparati va jihozlari bor, — deydi Rossiyaning A.N. Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida ishlab qaytgan va bugun Sirdaryoda endovaskulyar jarrohlik amaliyotlarini muvaffaqiyatli oʻtkazayotgan yosh mutaxassis Xurshid Hakimov. — Mazkur tibbiy texnologiyalarning afzalligi shundaki, ular yordamida yurak-qon tomiridagi muammolarga 99 foiz aniq tashxis qoʻyish mumkin. Yaʼni, qon tomirining qayerida qisilish, tromb, ateroskeleroz va xolesterin bor, qaysi joyi ishlamayapti yoki ogʻriq berayotgani haqida toʻliq maʼlumot olish mumkin. Bu orqali esa tomirga stent qoʻyish amaliyoti bajariladi.

Yosh kardiojarroh X. Hakimov boshchiligidagi sirdaryolik shifokorlar yana bir yangilikka qoʻl urdi. Yaʼni, viloyatda ilk bor tugʻma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan bolalarda endovaskulyar jarrohlik amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

— Tugʻma yurak nuqsoni, tugʻma anomaliyalarni davolashda koʻp hollarda kardiojarrohlik amaliyotiga murojaat etiladi, — deydi X. Hakimov. — Bunda albatta, boladagi tugʻma yurak nuqsonlarning turi, asorati chuqur invaziya tekshiruvlari davomida oʻrganilib, shunga qarab jarrohlik operatsiyasi buyuriladi.

Ushbu muolaja esa 99 foiz muvaffaqiyatli kechadi. Bugunga kelib, ana shunday bolalardan 20 nafari filialimizning malakali mutaxassislari tomonidan chuqur tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilib, jarrohlik amaliyoti rejalashtirildi. Yaqinda ularning 2 nafarida operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi.

Eng muhimi, tibbiyotimizning bunday ilgʻor yutuqlari bemorlar sogʻligʻini tiklashga zamin boʻlmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?