Xorazmda qurilayotgan quyosh elektr stansiyasiga dastlabki panel oʻrnatildi
Tuproqqalʼa tumanida Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi tomonidan quvvati 100 megavattlik quyosh elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Ushbu stansiyaga dastlabki quyosh paneli oʻrnatildi.

— Sarimoy qishlogʻi yaqinidagi 180 gektar maydonda qurilayotgan stansiyaga 200 ming donadan ziyod quyosh panellari oʻrnatish rejalashtirilgan, — deydi “Voltalia” kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakili Kerole Pontais. — Qurilish davomida oʻndan ortiq davlatlardan mutaxassislar jalb qilinadi, 500 nafar mahalliy aholi ish bilan band boʻladi. Loyiha amalga oshishi natijasida 60 mingdan koʻp xonadonlar elektr energiyasi bilan kafolatli taʼminlanadi.

— Qurilish ishlari toʻrtta bosqichda olib boriladi, — deydi loyihaning qurilish menejeri Jonibek Ismatullayev. — Birinchi bosqichda quyosh panellari oʻrnatiladi. Hududda burgʻilash yoʻli bilan 33 mingdan ortiq qoziqlar joylashtirilib, betonlanadi. Ikkinchi bosqichda yuqori kuchlanishli nimstansiya quriladi. Uchinchi bosqichda esa ishlab chiqarilgan elektr energiyasini milliy elektr tarmoqlari nimstansiyasiga yetkazib beruvchi elektr tarmoqlari tortiladi.

Toʻrtinchi bosqichda milliy elektr tarmoqlari nimstansiyasida qoʻshimcha qurilish-montaj ishlari bajariladi. Barcha qurilish jarayonini joriy yil oxirigacha yakunlashni moʻljallayapmiz.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilgan ushbu loyiha orqali 76 mln. metr kub tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga 106 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi, hudud aholisi ekologik toza, “yashil” energiya bilan taʼminlanadi.
Odilbek ODAMBOYEV
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring