Xivada oʻtkazilgan baxshilar bahsi yakunlandi. Gʻolib va sovrindorlar maʼlum

01:57 29 Aprel 2025 Jamiyat
872 0

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

Bugun, 28-aprel kuni Xiva shahrida oʻtkazilayotgan IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining tantanali yopilish marosimi boʻlib oʻtdi. 26-aprel sanasida start olgan mazkur festivalda mahalliy hamda xalqaro ishtirokchilar qatnashdi. Baxshilar bahslari Ichan qalʼa majmuasida joylashgan badiiy sahnada oʻtkazildi.

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

Mazkur festivalda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlaridan hamda Oʻzbekistondan tashrif buyurgan 200 ga yaqin baxshilar ishtirok etishdi. Uch kun davom etgan mazkur tadbir dunyoning turli davlatlaridan tanlab olingan hakamlar hayʼati tomonidan diqqat bilan kuzatilib, har bir baxshining aytimlari baholab borildi.

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining tantanali yopilish marosimidan oldin bahslarda ishtirok etgan baxshilarning egallagan oʻrinlari oʻqib eshittirildi.

IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali yakunida ishtirokchilar quyidagi natijalarni qayd etdi:

  • 3 oʻrin: Ikhaghvasuren Lkhamragcha (Moʻgʻuliston), Stepanova Aksiya (Rossiya), Ahmedov Ziyodillo (Oʻzbekiston);
  • 2-oʻrin: Abdullayev Usmonjon (Oʻzbekiston), Turikpen Kensulu (Qozogʻiston);
  • 1-oʻrin: Jumotova Muyassar (Oʻzbekiston), Turkmaniston milliy baxshilar guruhi;
  • “Gran-Pri” mukofotini Ozarbayjonning “Oshiqlar” guruhi qoʻlga kiritdi.
Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

Eslatib oʻtamiz, “Gran-Pri” mukofoti — 7 000 AQSH dollarini tashkil etadi. 1-2-3-oʻrinlarni qoʻlga kiritganlar uchun mos ravishda har bir yoʻnalishda 2 ta nominatsiya (Doston ijrochiligi yoʻnalishi, Cholgʻu ijrochiligi yoʻnalishi) boʻyicha 5 000, 3500 hamda 2500 AQSH dollaridan mukofotlanishi belgilangan edi.

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

Bundan tashqari, Xivaning Ichan qalʼa majmuasida IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining tantanali taqdirlash marosimi davomida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Xorazm viloyati hokimi Joʻrabek Rahimovga Madaniyat vazirligining “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishonini taqdim etdi.

Maʼlumot uchun, Xalqaro baxshichilik festivali Oʻzbek milliy baxshichilik va dostonchilik sanʼatining noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni keng targʻib qilish, yosh avlod qalbida ushbu sanʼat turiga hurmat va eʼtibor tuygʻularini kuchaytirish, turli xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-maʼnaviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda yanada kengaytirish maqsadida, 2019-yildan buyon oʻtkazilib kelinadi.

Otabek SAIDAHMADOV “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?