Xitoyning eng yirik kompaniyalardan biri oʻz kadrlarini Oʻzbekistonda tayyorlaydigan boʻldi

13:33 06 Yanvar 2026 Jamiyat
225 0

Olmaliq davlat texnika instituti hamda Xitoyning konchilik va qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohasidagi dunyoning eng yirik kompaniyalaridan biri boʻlgan “CONCH Cement” oʻrtasida strategik sheriklik va hamkorlik boʻyicha bitim imzolandi.

Mazkur bitimda ishlab chiqarish, taʼlim va ilmiy-tadqiqot sohasida tajriba almashish, kon elektromexanikasi yoʻnalishida yangi istiqbolli qoʻshma loyihalarni bajarish va innovatsion texnologiyalarni taʼlim jarayoniga xitoylik olimlar bilan hamkorlikda joriy etish maqsadi belgilandi.

Bundan tashqari, Olmaliq davlat texnika instituti bazasida “CONCH Cement” tarkibiy boʻlinmalari uchun kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, kompaniya xodimlarining malakasini oshirish hamda qoʻshma ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish masalalari ham kelishib olindi.

Bunda korxona uchun istiqbolli sohalarda mutaxassislar tayyorlash, talabalar va professor-oʻqituvchilar uchun Xitoy va boshqa xorijiy davlatlarda stajirovka dasturlarini tashkil qilish, korxonaning dolzarb muammolari yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borish kabi qator mavzularda ham takliflar ilgari surildi.

Taʼkidlanganidek, bularning barchasi davlatimiz rahbari oʻz qarorida mazkur OTM oldiga qoʻygan pirovard maqsad — institutda jahon miqyosidagi geologiya, metallurgiya va texnikaga ixtisoslashgan ilgʻor muhandislik maktabini yaratishga qaratilgan.

Bugungi kunda Xitoyning “CONCH Cement” kompaniyasi butun dunyo boʻylab sement hamda qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi yuzlab korxonalarni oʻz ichiga qamrab olgan boʻlib, konchilik sohasining eng yirik vakillaridan hisoblanadi. Yiliga bir necha yuz million tonna mahsulot ishlab chiqarib, dunyoning 20 davlatiga eksport qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?