Xalqaro anjuman madaniy tadbirlarga boy tarzda oʻtmoqda

11:55 03 Noyabr 2025 Jamiyat
181 0

Xalqaro anjumanning navbatdagi kunlarida yalpi majlislar bilan bir qatorda Oʻzbekiston madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan YUNESKO, Fransiya madaniyat vazirligi va Gyume muzeyi hamkorligida “Muzeylarda sunʼiy intellektning roli” mavzusidagi konferensiya oʻtkazildi. Unda 80 dan ortiq yetakchi muzeylar direktorlari, sunʼiy intellekt sohasidagi yirik kompaniyalar vakillari, shuningdek, YUNESKO Bosh konferensiyasida qatnashayotgan hukumat delegatsiyalari ishtirok etdi.

Tadbir muzeylar, xalqaro tashkilotlar va texnologik kompaniyalar vakillarini birlashtirib, sunʼiy intellektning madaniy merosni saqlashdagi oʻrni hamda muzey bilan bogʻliq amaliyotlarni rivojlantirishga taʼsiri yuzasidan fikr almashish imkonini berdi.

Ishtirokchilar muzeylar amaliyotida sunʼiy intellektning transformatsion rolini muhokama qilishdi. Xususan, axloqiy boshqaruv, barqarorlik, xilma-xillik, inklyuzivlik va innovatsiyalar masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi doirasida debatlar ham boʻlib oʻtdi. Umumiy bahslarda delegatsiyalar rahbarlari Bosh konferensiyaga oʻz milliy bayonotlarni taqdim etdi.

Nufuzli xalqaro anjuman madaniy tadbirlarga ham boy tarzda oʻtyapti. Tarixiy Registon maydoni yana bir bor jahon miqyosidagi sahnaga aylandi. 1-noyabr oqshomida YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Samarqandning bosh maydoni — Registonda mashhur fransuz bastakori va YUNESKOning ezgu niyat elchisi Jan-Mishel Jarning katta konserti boʻlib oʻtdi.

Nur, musiqa va Registon meʼmorchiligi uygʻunlashgan bu ulkan audiovizual tomosha YUNESKO va Oʻzbekiston madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi koʻmagida tashkil etildi. Uch madrasa devorlari zamonaviy sanʼat va qadimiy meros tutashgan jonli tasvirga aylandi. Bu uygʻunlik asrlar va madaniyatlar oʻrtasidagi betakror hamjihatlikni aks ettirdi.

Samarqanddagi “Expo Center Silk Road” majmuasida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Oʻzbekiston madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan tashkil etilgan “Choklardagi meros: Oʻzbekiston kashtachilik va tikuvchilik anʼanalari boʻylab sayohat” nomli koʻrgazma ham boʻlib oʻtmoqda.

Ekspozitsiyadan XIX-XX asrlarga oid 151 dan ortiq muzey eksponatlari, Nukus, Samarqand, Buxoro va Toshkent muzeylarining sara toʻplamlariga mansub milliy liboslar, bosh kiyimlar, zargarlik buyumlari hamda toʻqimachilik namunalari oʻrin olgan.

Koʻrgazma 13-noyabrgacha tashrif buyuruvchilar uchun ochiq boʻladi.

Bugun YUNESKO mandatini amalga oshirish istiqbollariga bagʻishlangan tematik panel sessiyalar boʻlib oʻtadi. Unda zamonaviy dunyoda YUNESKOning vakolati qanday ahamiyatga ega ekanligi haqidagi masalalar muhokama etiladi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?