“Karkidon” atrofida “yashil belbogʻ” barpo etishga kirishildi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Quva tumanida joylashgan “Karkidon” suv ombori hududida zamonaviy turizm maskani bunyod etish rejalashtirilgan. Shu maqsadda ushbu maskan viloyatning turizm marshrutlari roʻyxatiga kiritilib, keng qamrovli obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Ayni kunlarda suv ombori hududidagi 270 gektar maydonda “yashil belbogʻ” tashkil etishga kirishildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan daraxt ekish tadbirida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari, boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Tadbir doirasida hududning tabiiy iqlim sharoitidan kelib chiqib, manzarali daraxtlar ekildi. Landshaft arxitekturasi asosida yashil xiyobonlar barpo etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.
— Davlatimiz rahbarining oʻtgan yil 11-12-iyul kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida viloyat faollari bilan yuzma-yuz muloqot oʻtkazilib, yaqin istiqbolga moʻljallangan aniq vazifalar belgilab olingan edi, — deydi Quva tumani hokimi Halimjon Umarov.—Uchrashuvda viloyatda turizmni rivojlantirish, xususan, “Karkidon” suv ombori hududida sayyohlarni keng jalb etish maqsadida hordiq maskanlari barpo etish taklifi ilgari surildi.

Hozirda suv ombori hududida yozgi mavsumda maroqli dam olish uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Bundan buyon yilning toʻrt faslida ham bu yerga mahalliy va xorijlik sayyohlarni jalb etish galdagi muhim vazifalar sirasiga kiritilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” musobaqasi boshlandi
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring