Kannavaro yigʻinga yulduzlarini olib kelmagan Urugvaydan qoʻrqmasligini aytmoqda

18:58 12 Oktyabr 2025 Sport
314 0

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 13 oktabr kuni Malayziyada Urugvay terma jamoasiga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvini oʻtkazadi. Bahs oldidan oʻtgan matbuot anjumanida terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro va darvozabon Abduvohid Neʼmatov ishtirok etib, oʻyinga tayyorgarlik jarayoni haqida maʼlumot berishdi.

Kannavaroning soʻzlariga koʻra, jamoa kecha Malayziyaga etib kelib, tiklanish mashgʻulotlarini oʻtkazgan va ertangi uchrashuvga faol tayyorgarlikni boshlagan. U Urugvay jahon futbolining eng kuchli jamoalaridan biri, shuningdek, tajribali murabbiy Marselo Belsa boshchiligida ekanini taʼkidladi.

“Bu oʻyin biz uchun sinov vazifasini bajaradi. Raqibdan qoʻrqmaymiz, maydonda oʻz oʻyinimizni koʻrsatishga harakat qilamiz. Toʻpni koʻproq nazorat qilishga intilamiz, chunki Urugvayga ortiqcha imkoniyat berib boʻlmaydi. Bu oʻrtoqlik oʻyini boʻlsada, biz har bir bahsda oʻz salohiyatimizni namoyish etishga majburmiz” — dedi Kannavaro.

Uning taʼkidlashicha, jamoa tarkibi Jahon chempionatiga qadar boʻlgan davrda bosqichma-bosqich sinovdan oʻtkaziladi. “Hozirda ayrim futbolchilarni uzoq safar tufayli ortiqcha charchatishni istamadik. Har bir oʻyinchini kuzatamiz, oldimizda hali sakkiz oy vaqt bor” — deya qoʻshimcha qildi u. Shuningdek, Kannavaro sportda tanqid boʻlishi tabiiy holat ekanini qayd etib, jamoaviy intizom va birgalikdagi harakat natija garovi ekanini urgʻuladi.

Darvozabon Abduvohid Neʼmatov esa jamoa ruhiy va jismoniy jihatdan oʻyinga toʻliq tayyorligini aytdi. “Murabbiylar shtabi bilan Urugvayning oʻyinlarini batafsil tahlil qilmoqdamiz. Ular kuchli raqib, lekin biz ham oʻz oʻyinimizni koʻrsatish niyatidamiz” — dedi Neʼmatov.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Oʻzbekiston va Urugvay oʻrtasidagi oʻrtoqlik uchrashuvi Malayziyaning Melaka shahridagi “Hang Jebat” stadionida boʻlib oʻtadi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 17:45 da boshlanishi rejalashtirilgan. Ushbu yigʻinga Urugvay termasi oʻzining asosiy oʻyinchilarini olib kelmagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?