Kambagʻallik ayb emas, ammo...

14:57 22 May 2025 Jamiyat
131 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Maktabda oʻqib yurgan paytimizda kam taʼminlangan oilalar farzandlariga kiyim-bosh berilardi. Bu kiyimlar ulardan boshqa hech kimda boʻlmasdi. Bu moddiy yordam ularni kamsitgandek tuyulardi. Bugun ham maktablarimizda kam taʼminlangan oila bolalari alohida roʻyxatda turadi, bu davlat tomondan qoʻllab-quvvatlash boʻlsa ham bolalarning ruhiyatini sindiradi. Kambagʻallikni kamaytirish yoʻlida aholining bandligini taʼminlash, kasb-hunar oʻrganish uchun kurslarga yoʻnaltirish, ish topolmagan fuqarolarni korxona va zavodlarga joylashtirish borasida koʻplab xayrli ishlar olib borilmoqda. Ammo ish haqi kamligi yoki mehnati ogʻirligini vaj qilib, tayyor ish oʻrinlarini tashlab ketayotganlar ham yoʻq emas. Boqimandalikka koʻnikib qolgan bu fuqarolarga mehnat yarmarkalarida ham talabgor chiqmaydi. Chinakam kambagʻal va koʻp bolali oilalarga berilayotgan ijtimoiy yordamni zarur deb hisoblaymiz. Tomorqasi borlar gilos yoki qulupnay bilan uy-joy soligʻi, kommunal xizmatlar toʻlovini toʻlolmasligi, birdan boyib ketmasligi mumkin, ammo qoʻshimcha daromad sifatida bogʻdorchilik yoki ekinlardan tushgan pulga bolalariga maktab kiyim yoki dori-darmon olishga imkoniyati boʻladi.

— Kambagʻallik ayb emas, ammo... Doim nafaqa, bola puli yoki mahalladan beradigan moddiy yordamga qarab qolish uyat, — deydi Shahrixon tumanidagi “Beg vachcha” MFY hokim yordamchisi Maqsudbek Akbarov. — Bugun hatto uydan chiqmasdan ham qoʻshimcha daromad olish imkoniyati yaratilgan. Yil boshida ishsizlar soni 63 nafar edi. Ularning 60 nafarini ishga joyladik. Ayni paytda 3 nafar mehnatga layoqatli mahalladoshimizni uydan chiqmagan holda daromad topishga yoʻnaltirmoqdamiz.

Mazkur mahallada 625 ta xonadon boʻlib, ularning 60 foizida issiqxona faoliyati tashkil etilgan. Shuning oʻziyoq oilaning qoʻshimcha daromadi mavjudligidan dalolatdir. Imkoniyatdan kelib chiqib har bir oilaga “Beshta paket” tashabbusiga doir asalarichilik, parrandachilik, chorvachilik, tikuvchilik, qoʻziqorin yetishtirish boʻyicha tavsiyalar berilmoqda. Natijada qoʻshimcha oʻrtacha 10 million soʻm daromad olish imkoniyati yaratilmoqda. Bank muassasalari xodimlari bevosita xonadonlarda boʻlib, aholi bilan yuzma-yuz koʻrishib, ularning imkoniyatlarini oʻrgangach, zaruriy kredit mablagʻini yoʻnaltirayotgani eʼtiborli, albatta. Kredit mablagʻi atigi bir kunda ajratilayotgani hamyurtlarimizning ortiqcha vaqt sarflashiga chek qoʻymoqda.

— Avvallari kredit mablagʻlari aynan bir yoʻnalishga ajratilardi. Hozir imkoniyatimizdan kelib chiqib berilmoqda, — deydi shu mahallada yashovchi Neʼmatjon Ahmadaliyev. — Shu imkoniyatlardan foydalanib issiqxonadan yillik oʻrtacha 20-25 mln. soʻm daromad olayapmiz. Boʻsh maydonga sarimsoqpiyoz ekib, uni sotib oʻrniga qalampir ekdik. Tomorqamning chetiga, yoʻlaklarga asalari qutisini oʻrnatdik. Sigirimiz, tovuqlarimiz bor. Mevali daraxtlardan yigʻib olingan hosilning oʻzimizdan ortganini bozorga olib chiqib sotayapmiz. Har biri oʻrtacha oʻn million soʻmdan daromad berganda ham yillik daromadim 45-50 mln. soʻmga yetadi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi va koʻrsatmalari bilan mahalla tizimiga berilayotgan eʼtibor bugun oʻz samarasi bermoqda. Ilgari fuqarolar oʻz murojaati boʻyicha tegishli idoralarga kirib borishga tortinardi. Endi mahalla yettiligi kirib bormagan xonadon qolmayapti. Natijada hududlar infratuzilmasi shakllanib, aholi turmush sharoiti yaxshilanmoqda. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarga moddiy koʻmak koʻrsatilib, ularning jamiyatdagi ishtiroki faollashmoqda. Ishsizlik va kambagʻallikdan holi hududga aylanishda “Beg vachcha”liklardan ibrat olsa arziydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер