Yoʻl qurib murodiga yetgan yoʻlsoz

14:04 30 Sentyabr 2025 Jamiyat
192 0

Oramizda shunday insonlar borki, ular nafaqat oʻz kasbining mohir ustasi, balki namunali hayoti, insonparvarligi va kamtarona feʼl-atvori bilan ham barchamizga ibratdir. Ularni fidoyiligi, halol mehnati va sabr-matonati shunday yuksak darajaga koʻtargan. Yoʻlsozlik sohasida yuz minglab yurtdoshlarimizning duosini olayotgan Andijon viloyati avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi mexanizatori Tojiddin Toshmatov ana shunday kasb egalaridan biridir.

Tojiddin aka qariyb yarim asrdan buyon mexanizator sifatida mehnat qilib kelmoqda. Oʻz kasbining ustasi boʻlgani uchun ham hayoti davomida turli sohalarda ishladi. Uning mehnati faqat texnika haydash bilan cheklanib qolmadi. Oʻzi ham yoʻlsozlarga qoʻshilib halol ishladi, topshiriqlarni vijdonan bajarib oʻz kasbining obroʻsini koʻtardi. Ustoz deb etagidan tutgan yoshlar ham uning ezgu fazilatlarini oʻzlashtirib kelmoqda. Hamkasblari uni doimo maslahatchi va ustoz sifatida eʼzozlaydi.

– Yoʻl qurish texnikasini mahorat bilan oʻrgangan mutaxassislar kam. Tojiddin aka bilan ishlaganlar aslo charchamaydi. Doim yangi gʻoyalar bilan yuradi, – deydi Andijon viloyati avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi xodimi Yulduzxon Mallaboyeva. – Kasbining sir-asroridan tortib, mashaqqatlarigacha yoshlarga sabr bilan oʻrgatadi. Kamtarlik, halollik, sabr va mehr uning asosiy darsidir.

Bogʻbondan bogʻ, yaxshi muallimdan bilimli shogird, yoʻlsozlardan esa tekis va ravon yoʻllar qoladi. Manzilimizni yaqin qiladigan yoʻlsozlarning mehnati ulugʻ. Yoʻlovchilardan tortib shofyorlargacha bu yoʻllardan oʻtayotganda yoʻlsozlarning mashaqqatli mehnatiga tan berishadi. Axir, daryolar, togʻlar yonbagʻridan, adirlaru qiya tepaliklar yonidan oʻtayotgan yangi yoʻllarni qurishni oʻzi boʻladimi? Tojiddin akaning izi yurtimizda barpo etilgan yuzlab kilometr yoʻllar, minglab shogirdlar va eng muhimi, ibratli hayotidir.

Yurtimizda inson qadri ulugʻlanayotgan bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanishi ham Tojiddin Toshmatov mehnatiga berilgan yuksak bahodir.

– Mexanizatorlik kasbini ardoqlab kam boʻlmadim, – deydi Tojiddin Toshmatov. – El-yurtga nafim tegdi, yurt ravnaqiga hissa qoʻshdim. Orzuyimdagi yoʻllarni qurib murodimga yetdim. Eng asosiysi, inson qadri ulugʻlangan, mehnati qadrlangan yurtda yashayapman. Bundan bir umr faxrlanaman!

Aslida ham inson uchun eng katta baxt oʻz faoliyatidan koʻngli toʻlib yashash saodatidir.

Saminjon HUSANOV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер