Ijtimoiy tarmoqlarda 14 yoshli qiz 4 nafar yigit tomonidan zoʻrlangani toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi

13:03 23 Iyul 2025 Jamiyat
380 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Angren shahrida voyaga yetmagan 14 yoshli qiz 4 nafar yigit tomonidan zoʻrlangani mazmunidagi xabarlar tarqaldi. Bu jamoatchilik tomonidan keskin tanqidlarga sabab boʻldi. Ushbu holat yuzasidan Bolalar ombudsmani maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, mazkur vaziyat yuzasidan 09.05.2025-yilda Angren shahar IIB tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda. Tergov jarayoni ustidan Angren shahar prokuraturasi tomonidan nazorat amalga oshirilmoqda.

«Bolalar ombudsmani oʻz vakolati doirasida voyaga yetmaganga nisbatan sodir etilgan jinoyat yuzasidan olib borilayotgan ish yurituvi boʻyicha kuzatuvni olib bormoqda. Shu bilan birga, jabrlanuvchi qizning protsessual huquqlari kafolatlanganligini taʼminlash masalasi ham doimiy monitoringda», deyiladi xabarda.

Maʼlumotlarga koʻra, bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish borasida vakolatli davlat organi sifatida, Ijtimoiy himoya milliy agentligi mazkur holatni alohida nazoratga olgan. Agentlikning hududiy “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari jabrlangan bolani himoyalash va reabilitatsiya qilish yuzasidan oʻz vaqtida kompleks choralarni koʻrmoqda.

Taʼkidlash joiz, voyaga yetmagan qiz hozirda bronxopnevmaniya va anemiya tashxisi bilan kasalxonada davolanmoqda.

Avvalroq Olmaliq shahridagi xususiy maktabgacha taʼlim muassasasida bola kaltaklangani toʻgʻrisida xabar qilingandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?