“Ijtimoiy taksi” xizmatidan foydalanish qulay

Shu yilning 1-sentyabr sanasidan boshlab Fargʻona viloyatida “Ijtimoiy taksi” xizmati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, oʻtgan qisqa davrda 150 nafarga yaqin nogironligi boʻlgan bolaning oilasi ushbu xizmatdan unumli foydalanmoqda.
Belgilangan tartibga koʻra, mazkur xizmatdan foydalanish uchun nogironligi boʻlgan bolaning ota-onasi yoki qonuniy vakili tomonidan ijtimoiy xodimlar koʻmagida elektron ariza kiritiladi. Ayni paytda ana shunday istakda kiritilgan arizalarning qariyb 100 tasi Qoʻqon shahri va atrof hududlarda yashovchilarga tegishli.
Bugungi kunda Fargʻona viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan maxsus taʼlim muassasalarida 2 ming nafardan ziyod nogironligi boʻlgan bolalar taʼlim-tarbiya olmoqda. Shu sababli yil yakuniga qadar “Ijtimoiy taksi” xizmatidan foydalanuvchilar soni 300 nafarga yetishi kutilyapti.
Nogironligi boʻlgan bolalarning taʼlim olish imkoniyatini oshirishga moʻljallangan ushbu xizmatdan 13 turdagi kasallik tashxisiga ega bolalar foydalanishi mumkinligi belgilangan.
— Farzandimni maktabga olib borish, darsdan soʻng olib kelishda yangi xizmat juda qulay boʻlmoqda, — deydi Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi Malohat Mamajonova. — Eʼtiborlisi, bu taksi xizmati uchun eng zamonaviy avtomashinalardan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Shuning uchun ham bunday eʼtibor va ragʻbatdan behad mamnunmiz. Bu “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilning amaldagi yana bir tasdigʻidir.
Aytish joiz, “Ijtimoiy taksi” xizmatidan foydalanuvchi oilaga bazaviy hisoblash miqdorining 1,2 baravari miqdorida oylik meʼyor (limit) ajratiladi. Agar oila “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” yoki “Kambagʻal oilalar reyestri”da boʻlsa, yoʻl haqining 100 foizi, boshqa toifadagi oilalardagi taʼlim oluvchilar uchun esa 60 foizi kompensatsiya tarzida haydovchi hisobiga oʻtkazib beriladi.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring