Ijtimoiy korxonalarga qanday imtiyozlar beriladi?

18:05 03 Fevral 2021 Iqtisodiyot
1443 0

Ayni paytda Qonunchilik palatasida bir qator qonun loyihalari ustida faol ish olib borilmoqda. Chunonchi, quyi palataning Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan “Ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayoni qizgʻin davom etyapti. Qoʻmita aʼzolari hududlarda faoliyat olib borayotgan bir qator ishlab chiqarish korxonalarining faoliyatini oʻrganish bilan birga, ishchi xodimlar oʻrtasida qonun loyihasi yuzasidan keng muhokamalar oʻtkazmoqdalar.

Qayd etish joiz, mazkur loyiha joriy yilning 28-yanvar kuni Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun qoʻyildi.

Ayonki, bugungi kunda davlat va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida tizimli ijtimoiy hamkorlikning samarali mexanizmini joriy etish zarur hisoblanadi.

Amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, aholining ijtimoiy zaif qatlamlari uchun ish oʻrinlarini yaratish, nogironligi boʻlgan shaxslarga mahsulot va asbob-uskunalar ishlab chiqaradigan korxonalarga soliq va boshqa turdagi imtiyozlar belgilangan. Lekin, ijtimoiy tadbirkorlikning huquqiy tushunchasi hamda ijtimoiy tadbirkorlikka oid munosabatlarni huquqiy tartibga solish mexanizmlari nazarda tutilmagan.

Qonun loyihasida tadbirkorlik subyektlari quyidagi mezonlardan biriga yoki bir nechtasiga mos kelganda ijtimoiy korxona sifatida tan olinishi belgilanmoqda:

— xodimlarining umumiy sonida aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub shaxslar kamida 70 foizni tashkil etganda hamda ularning maoshi mehnatga haq toʻlash fondining 70 foizidan kam boʻlmaganda;

— umumiy tushum hajmining kamida 50 foizi ijtimoiy tovarlarni sotishdan yoki ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishdan tushgan tushumni tashkil etganda;

— kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining umumiy tushum hajmining kamida 90 foizi ijtimoiy sohadagi faoliyatni amalga oshirishdan tushgan tushum tashkil etganda;

— favqulodda holatlar sharoitida oʻz faoliyatini bunday holatlarga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etishga oʻzgartirganda.

Loyihada tegishli mezonlardan biriga yoki bir nechtasiga mos kelgan tadbirkorlik subyektlari yoki notijorat tashkilotlarini ijtimoiy korxona sifatida ijtimoiy korxonalarning reyestriga kiritish belgilanmoqda. Ijtimoiy korxonalar reyestriga kiritilgan korxona oʻtgan moliya yilida olingan foydaning kamida uchdan ikki qismini keyingi moliya yili davomida ijtimoiy korxonaning faoliyatiga yoki ijtimoiy loyihalarga reinvestitsiyaga yoʻnaltirilishi lozimligi ham qonun loyihasida nazarda tutilyapti.

Shuningdek, ijtimoiy korxona ijtimoiy korxona mezonlariga mos kelmay qolib ijtimoiy korxonalar reyestridan chiqarilgandan soʻng, uni ushbu reyestrga ikki yil davomida kiritmaslik belgilangan.

Loyihaga koʻra, ijtimoiy korxonalarga bir qator imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilishi koʻzda tutilgan. Soliqlar va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish, davlat mulki obyektlarini yoki ularga boʻlgan mulkiy huquqlarni imtiyozli yoki “nol” qiymat boʻyicha berish, davlat buyurtmachilariga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar orqali ijtimoiy tovarlarni realizatsiya qilish va ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish, moliyaviy hamda soliq hisobotlarini soddalashtirilgan tartibda yuritish kabilar shular jumlasidan.

Maʼlumki, Soliq kodeksiga muvofiq, ijtimoiy korxonalar qoʻshilgan qiymat, foyda, aylanmadan olinadigan va mol-mulk soliqlaridan ozod qilinadi. Yer soligʻini 0,1 koeffitsiyentni qoʻllagan holda toʻlaydi.

Ijtimoiy tadbirkorlik past daromadli faoliyat turi boʻlganligi sababli, uning subyektlariga soliq imtiyozlaridan tashqari qoʻshimcha preferensiyalarni ham taqdim etish koʻzda tutilgan. Misol uchun, ijtimoiy korxonalar boshqa tadbirkorlik subyektlari bilan auksion va tanlovlarda teng shartlarda raqobatlasha olmasligi sababli xorijiy davlatlarda (Koreya, Italiya, Rossiya) ijtimoiy korxonalarga davlat mulki obyektlarini xarid qilish, ijaraga olish va davlat xaridlarida qatnashish boʻyicha preferensiyalar berilgan.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikka muvofiq, reklama tarqatuvchilar reklama uchun ajratilgan efir vaqti, nashr yoki reklama maydoni umumiy yillik hajmining 5 foizida ijtimoiy reklamani bepul joylashtirishi shart. Shuning uchun ijtimoiy korxonalarga ushbu hajm doirasida ijtimoiy tovarlar va xizmatlar reklamasini bepul joylashtirish huquqini berish nazarda tutilmoqda.

Bugungi kunda ijtimoiy loyihalarning rentabelligi past boʻlganligi sababli, ular asosan davlat tomonidan amalga oshirilmoqda.

Tadbirkorlarni ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga qiziqtirish uchun ularga davlat tomonidan subsidiya berish taklif etilyapti. Misol uchun, Rossiyada mahalliy hokimliklar tomonidan tadbirkorlik subyektlariga ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun 600 ming rublgacha (84 mln soʻmgacha) miqdorda subsidiyalar ajratiladi.

Qonun loyihasida ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatining moliyaviy qoʻllab-quvvatlash turlari belgilanmoqda. Jumladan, mazkur faoliyat doirasida Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan keyinchalik ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga kreditlar ajratish uchun tijorat banklarida resurslar joylashtiriladi, ijtimoiy loyihani amalga oshirish uchun ijtimoiy korxona tomonidan olinadigan kreditlar boʻyicha kafillik beriladi va foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar toʻlanadi.

Bundan tashqari, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini belgilangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilganlik uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ijtimoiy korxonalarning oʻz xodimlarini oʻqitishga sarflagan xarajatlarini qoplash uchun subsidiyalar beriladi va taʼlim tashkilotlariga grantlar ajratiladi.

Umuman aytganda, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda ijtimoiy tadbirkorlik va ijtimoiy korxonalar faoliyatini ragʻbatlantiradi hamda ijtimoiy himoya siyosatini rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadam boʻladi.

Mavluda XOʻJAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?