Ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtirilmoqda

18:07 18 Dekabr 2025 Siyosat
280 0

Senatning yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun qizgʻin muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasida, ayniqsa nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash va ularga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani taʼkidlab oʻtildi.

Название

Xususan, soʻnggi vaqtlarda nogironligi boʻlgan bolalarga koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar doirasi tobora kengayib bormoqda hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand ayrim toifalari huquqlarining kafolatlari kuchaytirilmoqda.

Mazkur Qonun bilan nogironligi boʻlgan bolalarga koʻrsatiladigan kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanadigan ota-ona tomonidan har bir farzand uchun toʻlanadigan oyiga 3 mln soʻmgacha boʻlgan toʻlovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritilishi belgilanmoqda.

Название

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosida uch yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalar uchun bunday xizmatlarni koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari ham barcha turdagi soliqlarni 2030-yil 1-yanvarga qadar toʻlashdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda, ijtimoiy soliq bundan mustasno.

Shuningdek, jamoat transportidan bepul foydalanuvchi fuqarolar toifasi ham kengaymoqda.

Senatorlar oʻz chiqishlarida tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan, tegishli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan xotin-qizlarni yoʻllanma boʻyicha davlat tashkilotlariga ishga joylashtirish belgilanayotganini alohida taʼkidladi.

Название

Muhokama jarayonida ushbu Qonun nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish koʻlamining kengayishiga, aholining ijtimoiy ehtiyojmand ayrim toifalariga qoʻshimcha qulayliklar yaratilishiga hamda ularning ishga joylashishga doir huquqlari kafolatlanishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?