Isteʼmolchi sifatida oʻz huquqingizni bilasizmi?

Isteʼmol inson hayotida muhim oʻrin tutadi. Isteʼmolchi sifatida oʻz huquqlarini bilish esa uni hamma narsaga ongli ravishda yondashayotganligini bildiradi. Bu borada bizga qanday huquqlar berilganligi va ularni qanday samarali himoya qilish haqida hech oʻylab koʻrganmisiz? Keyingi paytda koʻp isteʼmolchilar oʻz huquqlaridan boxabarligi quvonarli, albatta.
Joriy yilning sakkiz oyida Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining Fargʻona viloyatidagi tizim tashkilotlariga isteʼmolchilardan 582 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlarni oʻrganish va hal qilish yakunlariga koʻra, isteʼmolchilar foydasiga 1 milliard 450 million soʻmdan ortiq mablagʻlar qayta hisob-kitob qilindi. Shu mablagʻning 409 million soʻmi sudlarga kiritilgan daʼvo arizalari koʻrib chiqilishi natijasida isteʼmolchilar foydasiga undirilgan moddiy va maʼnaviy zarar miqdorini tashkil etadi.
— Har qanday sharoitda ham isteʼmolchi haq, — deydi Federatsiyaning Fargʻona viloyati hududiy birlashmasi rahbari Ahror Rahmonaliyev. — Bundan ikki yil avval Quvasoy shahrida istiqomat qiluvchi M.Yu.dan nomida hech qanday kredit boʻlmasa-da AT “Xalq banki” tomonidan bank plastik kartasidan asossiz ravishda mablagʻ yechib olinganligi boʻyicha ariza kelib tushgandi. Isteʼmolchi manfaati ustuvorligini taʼminlash maqsadida fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritilib, sud qarori bilan uning foydasiga 2 million 839 ming soʻm moddiy va maʼnaviy zararlar undirib berildi.
Nizolar yuzaga kelganda isteʼmolchi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻlimi, sud yoki boshqa nazorat organlari boʻlsin, turli organlarga murojaat qilish imkoniyatiga ega.
— Yaqinda shu isteʼmolchidan yana bir murojaat kelib tushdi, — deydi Federatsiyaning Fargʻona viloyatidagi hududiy birlashmasi shoʻba boshligʻi Faxriddin Boynazarov. — Mazkur bank tomonidan uning plastik kartasidan takroran 3 million 789 ming soʻm mablagʻ yechib olingan. Isteʼmolchi murojaati asosida bank muassasasiga soʻrov xati kiritilib, oʻrganishlar olib borish jarayonida murojaatda keltirilgan vajlar oʻz isbotini topdi. Natijada bu mablagʻ toʻliq isteʼmolchining bank plastik kartasiga qaytarildi. Kelgusida ushbu holat takrorlanmasligi uchun uning ism-sharifi elektron bazadan uzilishi taʼminlandi.
Ayniqsa, kommunal xizmatlardan foydalanishda isteʼmolchilar tegishli tashkilotning rasmiy saytidagi shaxsiy kabinetini boshqarishni oʻrganishi muhim. Aynan kommunal xizmatlar sohasida bunday muammolar koʻp. Afsuski, oʻrganishlar mobaynida aksariyat hollarda isteʼmolchilar kommunal xizmat idoralari rasmiy saytida oʻz shaxsiy kabineti tashkil qilinganligini bilmasligi yoki ushbu qulaylikka eʼtiborsizlik bilan qaramoqda.
Oltiariq tumanida yashovchi I.M.ning murojaatini oʻrganish davomida shunday holatga duch kelindi. Xonadonda ichimlik suv isteʼmoli suv hisoblagich vositasida olib boriladi. Lekin isteʼmolchi tomonidan suv hisoblagich koʻrsatkichlari billing bazaga oʻz vaqtida kiritib borilmagan. Shu sababli 508 ming soʻm asossiz qarzdorlik yuzaga kelgan. Oʻrganishlar davomida mazkur qarzdorlikni bartaraf qilish chorasi koʻrildi. Ammo bu holat isteʼmolchining turli idoralarga murojaat qilishi, vaqt yoʻqotishi va turli asabbuzarliklarga sabab boʻlgani achinarli.
Bugun xususiy sektorda isteʼmolchilarga oʻz eʼtirozlarini oʻrnida bildirishi uchun imkoniyatlar yaratib berish masalasi hayotiy zaruratga aylanmoqda. Albatta, davlat idoralariga oʻz ariza, shikoyat va takliflari bilan yozma yoki elektron tarzda murojaat qilib kelayotganlarga tegishli sharoit yaratilgan. Bugungi kunda xizmatlarning aksariyat qismi xususiy sektor tomonidan koʻrsatiladigan isteʼmolchi sotilgan mahsulot, koʻrsatilgan xizmat, bajarilgan ish yuzasidan oʻz eʼtirozini xususiy sektor masʼuliga yuqoridagi shakllarda bildirish imkoniyatiga egami?
Amaliyotda xarid qilgan mahsulotida nuqson aniqlangan isteʼmolchi koʻpincha oʻz eʼtirozini savdo doʻkoni xodimiga faqat ogʻzaki bildiradi. Bunday tadbirkorlik subyektlarida aksariyat hollarda isteʼmolchi oʻz eʼtirozini bildirishiga shikoyat va takliflar daftari, elektron murojaat qilish uchun aloqa maʼlumotlari shakllantirilmagan. Oqibatda isteʼmolchining sotuvchiga qilgan ogʻzaki ravishdagi eʼtirozi hech qayerda rasmiylashtirilmaydi. Shu bois sotuvchi uni haftalab, oylab sarson qiladi. Belgilangan tartibda eʼtiroznoma yozib, uni sotuvchiga taqdim qilish, u olishdan bosh tortgan taqdirda pochta orqali yuborib, nizoni hal qilishda asqatadigan tayanch nuqta – oʻzining ilk murojaat qilgan kunini qonuniy qayd qilishdir. Talablari oʻz muddatida koʻrib chiqilmagan, tegishli tartibda hal qilinmagan taqdirda esa qonun talablari boʻyicha penyalarni undirib olishi imkoniyatiga ega.
Yaqinda Fargʻona viloyati Raqobat boshqarmasi soʻrovi va tanlama asosda isteʼmolchilarga savdo va umumiy ovqatlanish, dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotayotgan qariyb 100 subyektda bu borada yaratilgan imkoniyatlar oʻrganildi. Bor-yoʻgʻi 25 foizida isteʼmolchi oʻz eʼtirozini ogʻzaki ravishda bildirishidan tashqari shikoyat va takliflar daftariga ham qayd qilishi uchun imkoniyatlar yaratilgan, xolos. Ularning bir-ikkitasida shikoyatni elektron shaklda ham qabul qilish imkoniyati mavjudligi daʼvo qilingan boʻlsa-da, elektron manzil isteʼmolchilar tanishishi uchun qulay joyga qoʻyilmaganligini koʻrsatadi. Aksincha kuzatuvdan oʻtkazilgan tadbirkorlik subyektlarining deyarli teng yarmida kirish qismiga hatto subyektning nomi, yuridik manzili va ish tartibini koʻrsatuvchi peshlavhalar ham oʻrnatilmagan. Bu isteʼmolchi uchun eʼtirozni yozma ravishda berishda qiyinchilik tugʻdiradi.
Bir qarashda oddiy holatdek tuyuladigan bunday sharoitlar toʻliq yaratib berilishi isteʼmolchiga qulay boʻlishi bilan birga, tadbirkorga ham oʻz biznesini samarali nazorat qilish, murojaatlar turli davlat idoralarigacha yetib borib, tekshirilishigacha boʻlgan ortiqcha “bosh ogʻriq”lardan xoli boʻlish imkonini beradi. Isteʼmolchi manfaati ustuvorligini taʼminlashda bu oddiy, lekin muhim hayotiy qoidaga aylanishi kerak.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring