Isroil havo hujumi oqibatida husiylar bosh vaziri halok boʻldi

16:41 31 Avgust 2025 Dunyo
1578 0

Isroil hukumatining Yamanga bergan havo zarbalari oqibatida husiylar hukumati bosh vaziri Ahmad ar-Rahaviy halok boʻldi. Bu haqida “NPR” nashri xabar berdi.

Unda aytilishicha, joriy yilning 28-avgust kuni Isroil tomonidan Yamanga uyushtirilgan havo zarbalari vaqtida husiylar hukumati bosh vaziri Ahmad ar-Rahaviy hamda bir qancha vazirlar qurbon boʻlgan. Yana bir nechta mansabdor shaxslar, jumladan, vazirlar va rasmiylar turli darajadagi tan-jarohatlari olgan.

Husiylar hukumati rasmiylarining bildirishicha, bosh vazir Ahmad ar-Rahaviy hukumatning oʻtgan yildagi faoliyatini baholash uchun oʻtkazayotgan seminari vaqtida Isroil havo hujumi nishoniga aylangan.

Isroil tomoni Yamanning Sana hududidagi husiylar rejimining harbiy nishoniga aniq zarba berganini tasdiqlagan.

Yamandagi husiylarning “Ansor Alloh” harakati Oliy siyosiy kengashi rahbari Mahdi al-Mashat holat yuzasidan Yaman xalqiga murojaat bilan chiqdi.

“Isroilning havo zarbalari oqibatida halok boʻlgan hamda yaralanganlarning oilalariga vaʼda beramiz, biz albatta qasos olamiz. Barcha xorijiy kompaniyalar kech boʻlmasidan Isroilni tark eting”, — deydi Mahdi al-Mashat.

Isroil mudofaa vaziri Israel Kas esa Yamanga qilingan havo hujumini “ezuvchi zarba” deb atab, bu hali boshlanishi ekanini taʼkidlagan.

Bryusselda joylashgan “Xalqaro inqiroz” guruhining Yaman boʻyicha katta tahlilchisi Ahmad Nagi husiylar bosh vazirining oʻldirilishi guruh uchun jiddiy yoʻqotish ekanini bildirgan.

“Isroilning husiylar infratuzilmasiga zarba berishi hamda guruh yetakchilarini, jumladan, yuqori martabali harbiy xizmatchilarni nishonga olishi qoʻmondonlik tuzilmasini katta xavf ostida qoldiradi”, — degan Ahmad Nagi.

Maʼlumot uchun, Ahmad Al-Rahaviy hukumatni 2024-yilning avgust oyidan buyon boshqarib kelayotgan edi. Endilikda ushbu lavozimga uning oʻrinbosari Muhammad Miftoh tayinlanishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер