Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti binosi 3,5 milliard soʻm evaziga kapital taʼmirdan chiqarildi. Bu 1-bosqich

14:46 21 Noyabr 2019 Jamiyat
3749 0

Bu haqda Qurilish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Qayd etilishicha, bu qurilish va taʼmirlash ishlarining birinchi bosqichi boʻlib, 2020-yilda ikkinchi bosqich ishlari amalga oshiriladi va yana 3,5 milliard soʻmlik mablagʻ evaziga kapital taʼmirlanadi. Ayni vaqtda loyihalash ishlari davom etmoqda.

Maʼlumki, keyingi yillarda boshqa sohalarda boʻlgani kabi qishloq xoʻjaligiga, jumladan pillachilikka katta eʼtibor qaratib kelinmoqda. Birgina 2017-yildan buyon Prezidentimiz tomonidan pillachilik tarmogʻini rivojlantirishga doir 6 ta qaror qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining 2018-yil 20-martdagi “Pillachilik tarmogʻini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi muassisligida qayta tashkil etildi va uning asosiy vazifalari belgilab berildi.

Institut tarixiga nazar tashlasak, 1927-yilning 15-noyabrida Oʻrta Osiyo ipakchilik stansiyasi va “Turkshelk” AJning Madaniyat-ipakchilik boʻlimi negizida Oʻrta Osiyo ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti yaʼni hozirgi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilingan.

Tantanali ochilish marosimida, mamlakatimizda ipakchilik sohasida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, chet el investitsiyalarini keng jalb qilish, jahon bozoriga raqobatbardosh tayyor mahsulotlar yetkazib berish hajmlarini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Keyingi yillarda institutda 20 dan ortiq istiqbolli tut navlari va yana shuncha ipak qurti zoti hamda duragaylari yaratildi. Davlat reyestriga kiritilgan ipak qurti va tut navlarining yuqori koʻrsatkichga ega boʻlganlari tanlab olindi. Ipak qurtining “Oʻzbekiston-5”, “Oʻzbekiston-6”, “Ipakchi-1”, “Bahor-1” “Oltin vodiy”, “Navroʻz” hamda tutning “Surxon-tut”, “Jarariq-8”, “Topkross-3” kabi duragaylari shular jumlasidandir. Hozir yurtimizda boqilayotgan ipak qurtining 55-60 foizi institut olimlari tomonidan yaratilgan. Shuningdek, ipak qurti urugʻini tayyorlash, boqish, pillaga dastlabki ishlov berish, tut nihollarini yetishtirish boʻyicha texnologik kartalar ishlab chiqildi. Markazlashtirilgan ipak qurtini boqish intensiv texnologiyasi yaratildi. Ayni vaqtda Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Vyetnam, Bolgariya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston kabi mamlakatlar bilan ipakchilikning turli yoʻnalishlarida hamkorlik qilinmoqda.

Bugungi kunda institutda 7 ta ilmiy laboratoriya mavjud boʻlib, 5 nafar fan doktori, 7 nafar fan nomzodi faoliyat koʻrsatadi. Muassasaning 7 nafar yosh tadqiqotchi kadri ipakchilikning turli yoʻnalishlarida oʻzlarining ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishmoqda. Institut tarkibidagi “Tutchilik tajriba xoʻjaligi” unitar korxonasida ilmiy laboratoriyalar mavjud boʻlib, bu yerda yosh olimlar davlat grantlari asosida bajarilayotgan loyihalar boʻyicha olib boriladigan tajribalarini oʻz vaqtida tashkil etish va sifatli oʻtkazish faoliyati bilan shugʻullanishadi.

Oʻzbekiston-Yaponiya iqtisodiy hamkorlik qoʻmitalarining 2018-yil 25-oktyabrda Tokio shahrida oʻtkazilgan yigʻilishida “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi va Yaponiyaning “Lindas” korporatsiyasi oʻrtasidagi hamkorlik Memorandumiga asosan tajriba oʻtkazish uchun pilla yetishtirishga ixtisoslashtirilgan innovatsion xona jihozlari institutga olib kelib oʻrnatildi. Mazkur innovatsion xona tajribadan samarali oʻtgach, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi va Yaponiyaning “Jayka” tashkiloti hamda “Lindas” korporatsiyasi tomonidan Oʻzbekistonda 100 ta ana shunday koʻchma innovatsion pilla yetishtirishga moslashtirilgan xona barpo etilishi rejalashtirilgan.

Umumiy yer maydoni 19,97 gektar, shundan, 2,85 gektar bino va inshootlar, 17,12 gektar qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlardan iborat mazkur ilmiy muassasa bugungi kunda kapital taʼmirtalab holatga kelib qolgandi. Institut laboratoriyalaridagi mavjud uskunalar maʼnan va jismonan eskirgan, ular ilmiy izlanishlar va tajribalar oʻtkazish uchun mutlaqo yaroqsiz holatda edi. Mamlakatimiz bunyodkorlari tomonidan zamonaviy koʻrinishda qayta taʼmirlanib, foydalanishga topshirilgan ushbu binoda barcha qulayliklar yaratilgan. Yangi binoning foydalanishga topshirilishi esa yurtimizda ipakchilik sanoatini yanada rivojlantirishda muhim voqeliklardan biri boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер