Iordaniya Podshohi Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimiy Samarqand shahrining tarixiy obidalarini ziyorat qildi
Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimiy Samarqand shahrining ulug‘vor tarixiy obidalari bilan tanishdi.
Davlat rahbarlari avval Shohi Zinda majmuasiga tashrif buyurdilar.
Bu yerda Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning sahobalaridan biri Qusam ibn Abbos va boshqa arboblarning maqbaralaridan tashkil topgan. Majmuaning tarixiy, madaniy va badiiy ahamiyati shundaki, u me’morchilik va bezak san’atining bir necha asr davomidagi taraqqiyotini aks ettiradi. Shohi Zinda 2001-yilda YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Rasman Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning qizi Fotima va kuyovi Ali ibn Abu Tolibning avlodlari hisoblangan Hoshimiylar sulolasi vakili bo‘lgan Iordaniya Podshohi Qusam ibn Abbos xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.
Amir Temur maqbarasi ziyorati chog‘ida Iordaniya delegatsiyasiga buyuk bobomizning davlatchilik siyosati, harbiy mahorati, turli mamlakatlar bilan diplomatik aloqalari haqida so‘zlab berildi. Sohibqiron hayoti va faoliyati, uning davlati o‘z davrining eng ulkan mamlakati bo‘lgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Davlat rahbarlari Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalaridan iborat Registon majmuasini ham ziyorat qildilar. Asrlar davomida bu obidalar ilm-fan markazi bo‘lgan, yuzlab olim va tadqiqotchilarni yetishtirgan. O‘zining mukammal joylashuvi va uyg‘unligi tufayli Registon haqli ravishda Samarqandning "tashrif qog‘ozi" hisoblanadi.
Tanishuv chog‘ida oliy martabali mehmonga ushbu inshootlarning bunyod etilish tarixi va naqshlarining o‘ziga xos jihatlari, maydonda olib borilgan restavratsiya ishlari haqida ma’lumot berildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyevni Yangi yil bilan qutladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring