Ilhom Aliyev: Oʻzbekiston va Ozarbayjon qardosh mamlakatlar, ishonchli ittifoqchilardir
Toshkent shahrida boʻlajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi oldidan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan intervyu tashkil qilindi.
– Hurmatli janob Prezident, yaqin kunlarda Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida ishtirok etishingiz kutilyapti. Ushbu format haqida qanday fikrdasiz? Ozarbayjonning mintaqa davlatlari bilan aloqalari qay tusda rivojlanmoqda va hamkorlikning bugungi darajasi Sizni qoniqtiradimi?
– Avvalo, taʼkidlamoqchimanki, bu Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida uchinchi bor ishtirok etishim. Men qatnashgan birinchi shunday tadbir 2023-yil Dushanbeda, ikkinchisi 2024-yil Ostonada boʻlib oʻtgan. Navbatdagi muloqotga Toshkent mezbonlik qiladi. Barcha hamkasblarim, ayniqsa Oʻzbekiston Prezidenti, birodarim Shavkat Mirziyoyevga taklif hamda Ozarbayjonning ushbu muhim tadbirda ishtirokini qoʻllab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.
Ozarbayjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari strategik ahamiyati tobora ortib borayotgan umumiy tarixiy-madaniy, geografik va geosiyosiy makonni barpo etmoqda. Bir qarashda Ozarbayjonni Markaziy Osiyo davlatlaridan ajratib turgan Kaspiy dengizi, aslida, davlatlarimizni jipslashtiruvchi muhim omil hisoblanadi. Bugun ushbu dengiz shunchaki geografik tushuncha emas, balki, strategik birlik, iqtisodiy salohiyat va xalqlarimizning tarixiy hamkorligi ramzidir.
Mamlakatlarimizni nafaqat geografik yaqinlik, balki tarixiy-madaniy aloqalar, mushtarak diniy va maʼnaviy qadriyatlar, urf-odatlar birlashtirib turadi.
Ozarbayjon mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan hamkorlikni eng yuqori darajada har tomonlama rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratadi. Ikki tomonlama asosda oʻrnatilgan mazkur strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari, shuningdek faol siyosiy muloqotimiz, oʻzaro tashriflarimiz ushbu jarayon muvaffaqiyatli kechishida hal qiluvchi ahamiyatga ega, deb hisoblayman.
Soʻnggi bir necha yil ichida davlat rahbarlarining oʻzaro tashriflari va muloqotlari dinamikasi munosabatlarimiz yuqori darajada ekanini yaqqol namoyon etmoqda. Xususan, oxirgi 3-yil ichida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Ozarbayjonga 30 ga yaqin tashrifni amalga oshirdi, men esa xuddi shu davrda qardosh mamlakatlarga 13-marta bordim.
Oʻrta yoʻlakning ahamiyati ortib borayotgani sheriklik koʻlamini kengaytirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratmoqda.
Ishonchim komilki, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlik rishtalarini mustahkamlash, siyosiy, iqtisodiy, transport, investitsiya, energetika, madaniy-gumanitar va raqamli transformatsiya sohalaridagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishda muhim bosqich boʻladi.
– Muhtaram Prezident, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro tashriflar jadallashgani, faol siyosiy muloqot yoʻlga qoʻyilib, oʻzaro anglashuv yuksak darajaga koʻtarilganini taʼkidladingiz. Soʻnggi bir yarim yil ichida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga 5-marta tashrif buyurdi. Qolaversa, yil davomida turli xalqaro maydonlarda ham bir necha bor uchrashdingizlar. Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasida diplomatik munosabat oʻrnatilganining 30-yilligi nishonlanayotgan joriy yildagi ikki tomonlama aloqalar holatini qanday baholaysiz?
– Oʻzbekiston – Ozarbayjon uchun qardosh mamlakat, ishonchli ittifoqchi. Bizni mushtarak ildizlar, maʼnaviy qadriyatlar, til, etnik yaqinlik, boy tarixiy va madaniy meros birlashtirib turadi. Asrlar davomida qardosh xalqlarimiz oʻzaro iliq munosabatda boʻlib, bir-birini chuqur hurmat qilgan. Bugun davlatlararo munosabatlarimiz ana shu mustahkam poydevor asosida muvaffaqiyatli rivojlanib borayotgani quvonarli, albatta.
Hozirga kelib, Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar eng yuqori – ittifoqchilik darajasiga koʻtarilgan.
Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan oʻrtamizda shakllangan ishonchli va doʻstona shaxsiy munosabatlar ham ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi. Oʻzbekiston yetakchisining davlatlararo munosabatlarimiz rivojiga qoʻshayotgan shaxsiy hissasi, keng koʻlamli hamkorlikni izchil mustahkamlash masalalariga qaratayotgan doimiy eʼtiborini alohida taʼkidlamoqchiman.
Qardosh Oʻzbekiston rahbari, atoqli davlat arbobi, Ozarbayjonning yaqin doʻsti Prezident Shavkat Mirziyoyevni yurtimizda qabul qilish biz uchun doim katta sharaf va mamnuniyat bagʻishlaydi. Qayd etganingizdek, oʻtgan bir yarim yil davomida bunday tashriflar besh marta yuz berdi. Bularning bari munosabatlarimizning yuqori surʼatidan dalolat.
Oʻtgan yil avgust oyida men davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda, shu yil iyul oyida esa Oʻzbekiston Prezidenti Ozarbayjonda boʻldi. Ushbu tarixiy tashriflar doirasida oʻnlab, jumladan Strategik sheriklikni yanada mustahkamlash toʻgʻrisidagi deklaratsiya, Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma, Ozarbayjon Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida 2025-2029-yillarga moʻljallangan Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomani amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xarita”si va boshqa muhim hujjatlar imzolandi. Oʻtgan qisqa davr mobaynida ulkan ishlar bajarildi. Oʻzaro tashriflarning hammasi Ozarbayjon – Oʻzbekiston munosabatlarini barcha sohalarda mustahkamlash, shuningdek Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasini oʻz ichiga olgan yagona geografik makonda sheriklikning yangi imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishga kuchli turtki berdi.
Munosabatlarimizni rivojlantirish strategiyasini belgilashda 2023-yil avgust oyida taʼsis etilgan Oliy davlatlararo kengash ham alohida oʻrin tutadi. Oʻzaro davlat tashriflari doirasida – 2024-yil 22-avgust kuni Toshkentda va 2025-yil 2-iyulda Bokuda ushbu tuzilma yigʻilishlari boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini doimo qoʻllab-quvvatlab kelgan. Fursatdan foydalanib, qardosh Oʻzbekistonga Qorabogʻni tiklash, xususan Fuzuliyda hozir 600 nafarga yaqin oʻquvchi tahsil olayotgan buyuk oʻzbek olimi Mirzo Ulugʻbek nomidagi maktab qurilishiga qoʻshgan hissasi uchun minnatdorlik bildiraman. Oʻzbekiston Qorabogʻ mintaqasini tiklashda yordam koʻrsatish tashabbusi bilan chiqqan dunyodagi birinchi davlat boʻldi. Biz buni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi hamjihatlik, doʻstlik, birodarlik ifodasi sifatida doimo yodda saqlaymiz.
Qardosh mamlakatga boʻlajak tashrifni intizorlik bilan kutyapman. Har safar Oʻzbekistonning jadal rivojlanishini, mamlakat xalqi erishayotgan ulkan yutuqlarni behad mamnunlik bilan kuzataman. Keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani, jamiyat hayotining barcha sohalari izchil modernizatsiya qilinayotgani mamlakatning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori va mavqeyini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu yutuqlar doʻstim va birodarim Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan, aniq maqsadga yoʻnaltirilgan va puxta oʻylangan davlat siyosati samarasidir.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik nafaqat ikki tomonlama formatda, balki xalqaro maydonda ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Ozarbayjon va Oʻzbekiston Turkiy davlatlar tashkilotining faol aʼzolari hisoblanib, turkiy birlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshmoqda. Bundan tashqari, munosabatlarimiz BMT, Qoʻshilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, OHICHK va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali tus olgan.
– Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi darajasini qanday baholaysiz?
– Savdo-iqtisodiy hamkorlikning hozirgi dinamikasidan toʻliq qoniqish mumkin. Har ikki tomon oʻzaro aloqalarni kengaytirish uchun katta ishlar qilmoqda, yangi loyihalarni ilgari surib, qoʻshma tashabbuslar ilgari surishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bugungi kunda Ozarbayjonda Oʻzbekiston investitsiyasi ishtirokidagi 120 ga yaqin tijorat tashkiloti roʻyxatdan oʻtgan holda, iqtisodiyotning turli tarmoqlari, jumladan sanoat, qishloq xoʻjaligi, qurilish, transport va xizmat koʻrsatish sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo jadal surʼat bilan rivojlanmoqda. Xususan, 2024-yil oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 252 million dollarni tashkil etdi, 2025-yil yanvar-sentyabr oylarida ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 87,5 foiz oʻsib, 319 million dollarga yetdi.
Sarmoyaviy hamkorlik mustahkamlanmoqda. 2023-yil umumiy kapitali 500 million dollarlik, ham mamlakatlarimiz hududida, ham uchinchi davlatlarda loyihalar amalga oshirishni koʻzda tutgan Ozarbayjon – Oʻzbekiston qoʻshma investitsiya kompaniyasi tashkil etildi.
Yengil sanoatni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotgan, anʼanaviy doʻstlik va qardoshlik rishtasini mustahkamlashga hissa qoʻshayotgan Xonkendidagi qoʻshma korxona – tikuvchilik fabrikasi ham alohida eʼtiborga loyiq.
Iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish orqali sheriklikning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilashda Ozarbayjon Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya faoliyatini eʼtirof etish lozim. Muntazam oʻtkazib kelinayotgan Ozarbayjon – Oʻzbekiston mintaqaviy forumi ayni yoʻnalishdagi hamkorlikni rivojlantirish uchun samarali platformaga aylandi.
Ozarbayjon qardosh Oʻzbekiston bilan iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor. Buning uchun yuksak siyosiy iroda va ulkan salohiyat mavjud. Bugungi kunga qadar iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish uchun ishonchli huquqiy asos yaratgan 200 ga yaqin hujjat imzolangan. Ozarbayjon bundan keyin ham ikki tomon manfaatlariga mos keladigan, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladigan hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydi.
– Transport, logistika va energetika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning qanday istiqbollarini koʻryapsiz?
– Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan biri diversifikatsiyalangan transport-logistika infratuzilmasini yaratish va tranzit imkoniyatini kengaytirishdir. Bu borada mamlakatlarimizning “Oʻrta yoʻlak” xalqaro transport yoʻlagidagi ishtiroki alohida ahamiyatga ega. Bu jarayonda Ozarbayjon Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun muhim tranzit davlat hisoblanadi. Soʻnggi yillarda ushbu yoʻlak orqali eksport imkoniyati va tashuv salmogʻini oshirish masalasi alohida strategik ahamiyat kasb etmoqda.
2024-yil mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tranzit tashuv 2023-yilga nisbatan 18 foizdan koʻproq oshib, 1 million 300 ming tonnadan ortdi. 2025-yilning toʻqqiz oyidayoq bu koʻrsatkich qariyb 1 million tonnaga yetib, transport almashinuvi jadal oʻsib borayotganini koʻrsatdi.
Ozarbayjonda yaratilgan zamonaviy transport infratuzilmasi, jumladan savdo floti, yaqin yillarda quvvati 25 million tonnaga yetadigan “Alat” xalqaro savdo porti, Boku– Tbilisi –Qars temir yoʻli, shuningdek mamlakatning toʻqqiz xalqaro aeroporti global transport va logistika markazi sifatidagi oʻrnimizni mustahkamlovchi omillardir. Bundan tashqari, Zangezur yoʻlagi ochilishi ham Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlariga foyda keltiradi.
Shaharlarimiz oʻrtasidagi avia parvozlar muhim ahamiyatga ega. “AZAL” aviakompaniyasi haftasiga Boku – Toshkent – Boku yoʻnalishida 7-marta, Boku –Samarqand – Boku hamda Boku – Urganch –Boku yoʻnalishlarida 2-martadan yoʻlovchi reyslarini amalga oshirmoqda. Oʻz navbatida, bir haftada “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi samolyotlari Toshkent –Boku – Toshkent yoʻnalishi boʻylab 3-marta, “Centrum” kompaniyasi uchoqlari esa 2-marta uchyapti.
Energetika sohasidagi hamkorlik va “yashil” energetikani rivojlantirish ham ustuvor yoʻnalishlar boʻlib qolmoqda. “SOCAR” Oʻzbekistonga Ozarbayjon neft va neft-kimyo mahsulotlari eksport qiladi. 2016-yildan buyon “Ozlitineftgaz” instituti va “SOCAR NIPI Neftegaz” negizida tashkil etilgan “Neftegaztexnologiya” qoʻshma korxonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
2024-yil Ozarbayjon, Qozogʻiston va Oʻzbekiston energetika tizimlarini integratsiyalash va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan qator strategik bitim va memorandumlarni imzoladi. Bu mintaqani barqaror rivojlantirish va energetika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi istiqbollar ochadi.
– Ozarbayjon va Oʻzbekistonning madaniy-gumanitar sohadagi hamkorligi haqida nima deya olasiz?
– Madaniy-gumanitar hamkorlik mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va qardoshlikni mustahkamlash, xalqlar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni kengaytirishda muhim rol oʻynaydi. Biz umumiy tarixiy-madaniy qadriyatlarni asrab-avaylash yoʻlida birga odimlab, barcha darajalarda yaqin hamkorlikni davom ettiryapmiz.
Xususan, 2023-yil Ozarbayjonda Oʻzbekiston madaniyati kunlari, 2024-yil Oʻzbekiston fan va madaniyat kunlari oʻtkazildi. Shu yil Oʻzbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari, Xiva shahrida “Shusha kunlari” tashkil etildi. Ushbu tadbirlar xalqlarimizning boy madaniy merosini namoyon etish, oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlash va bir-birimizning maʼnaviy olamimizni boyitishga boʻlgan yakdil intilishni aks ettiradi.
Mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ismoilli – Rishton, Shusha – Xiva, Lankaran – Buxoro, Sheki – Qoʻqon, Bilasuvar – Termiz, Mingachevir – Namangan, Fuzuliy – Guliston, Quba – Jizzax, Beylagan – Shahrisabz shaharlari oʻrtasida birodarlik va sheriklik aloqalari oʻrnatildi. Hududlararo aloqalar faollashuvi xalqlarni yaqinlashtirish, tajriba almashish va hamkorlikning madaniy-gumanitar kun tartibini boyitishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikning ramziy ifodasi sifatida madaniy ahamiyatga ega obyektlar mavjud: Toshkentda Haydar Aliyev maydoni bor. Shu yil iyul oyida Bokuda “Oʻzbekiston” bogʻiga tamal toshi qoʻyildi.
Fursatdan foydalanib, Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev xotirasiga koʻrsatilayotgan ehtirom, chin birodarlik munosabati uchun Oʻzbekiston rahbariyati va butun qardosh oʻzbek xalqiga minnatdorlik bildirmoqchiman.
Sport sohasidagi hamkorlikda ham yaxshi natijalarga erishilmoqda. Ikki davlatning birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida FIFA Ijroiya qoʻmitasi 2027-yil boʻlib oʻtadigan U-20 Jahon chempionati final bosqichini Ozarbayjon va Oʻzbekistonda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu Yevropa va Osiyoni birlashtiradigan umumiy tarixiy yutugʻimizdir.
Ommaviy axborot vositalari va nodavlat tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlik ham samarali rivojlanmoqda. 2024-yil 23-25-sentyabr kunlari Toshkentda birinchi Oʻzbekiston – Ozarbayjon media-forumi, joriy yil 29-sentyabrda Bokuda ikkinchi Ozarbayjon –Oʻzbekiston media-forumi boʻlib oʻtdi. Bundan tashqari, 2024-yil dekabr oyida Toshkentda ilk bor Oʻzbekiston va Ozarbayjon nodavlat tashkilotlari forumi tashkil etildi.
Mazkur tadbirlar va amalga oshirilgan loyihalarning barchasi Ozarbayjon va Oʻzbekistonning madaniy-gumanitar sohadagi mustahkam qardoshlik aloqalarini yaqqol namoyon etib, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash, maʼnaviy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
– Janob Prezident, ushbu mazmunli suhbat uchun tigʻiz ish jadvalingizdan vaqt ajratganingiz uchun rahmat.
– Oʻzbek xalqining Ozarbayjon –Oʻzbekiston munosabatlari va umuman mintaqada roʻy berayotgan jarayonlarga qiziqishi tobora ortib borayotgani menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi. Asrlar davomida qardosh xalqlarimiz va mamlakatlarimizni bogʻlab kelgan doʻstlik va hamkorlik rishtalari bardavom boʻlsin.
OʻzA
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring