Ikkinchi bor oʻz farzandini sotmoqchi boʻlgan ona ozodlikdan mahrum etildi

11:06 16 Dekabr 2025 Jamiyat
341 0

1989-yilda tugʻilgan, Nishon tumanida yashovchi Mahliyo Amirova (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) 2024-yilda turmush oʻrtogʻi bilan birga oʻz farzandini sotishga uringan paytda qoʻlga olinib, jinoiy javobgarlikka tortilgan edi.

Ushbu jinoyat ishi doirasida turmush oʻrtogʻi ozodlikdan mahrum etilgan boʻlsa, Mahliyo Amirovaga nisbatan ayol kishi ekani va homiladorligi inobatga olinib, ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

2025-yilning may oyida Mahliyo Amirova yana oʻgʻil farzandli boʻldi. Biroq achinarlisi shundaki, chaqaloq dunyoga kelishi bilan u yana bolani sotish maqsadida xaridor izlashga kirishgan.

Nihoyat, bir ayol chaqaloqni 375 million soʻmga sotib olishga rozi boʻlgan. Mahliyo Amirova bolani unga topshirib, kelishilgan mablagʻning dastlabki 100 million soʻmini olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan.

Sud hukmi bilan Mahliyo Amirovaga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Chaqaloq esa Qarshi shahrida joylashgan “Muruvvat” nogironligi boʻlgan bolalar uchun internat uyi huzuridagi kichik hajmdagi bolalar uyiga joylashtirildi. Shuningdek, ayolning 2015-yilda tugʻilgan qizi va 2017-yilda tugʻilgan oʻgʻli oilaviy bolalar uyiga topshirilib, ularning taʼlim-tarbiyasi davlat nazoratiga olindi.

Jahongir Boymurodov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер