Ikki norasida farzandining joniga qasd qilgan ayolga sud hukmi oʻqildi
Oʻshanda jazirama yoz kunlarining biri edi. Ariq yoqalab kimsasiz bogʻ tomon ikki bolasini yetaklab ketayotgan begona ayol Yuzon qishlogʻida yashovchi Sherzod ismli oʻspirinda shubha uygʻotdi. Koʻnglidan “Qiziq, bu ovloq joyda unga nima bor ekan?”, degan fikr kechdi.
Oradan hayal fursat oʻtmay sokin oqib turgan, eni 5 – 6 metr, chuqurligi ikki metrcha boʻlgan ariqdan suvning qattiq toʻlqinlangani tovushi eshitildi. Sherzod sinchiklab qaradi: ayolning qorasi koʻrinmasdi. Shunda yuragi “shuv” etdi – yu yaqin oradagi qoʻshnisiga xabar bergani yugurdi.Soʻng otasiga qoʻngʻiroq qildi.
Ikkovlon yetib kelishganida ojizgina bolajon suv betida bir koʻrinib, bir koʻrinmay jon talvasasida oqib ketayotgan edi. Qoʻshni yechina solib oʻzini ariqqa tashladi. Bolani suvdan olib chiqdi. “Yomon ahvolda edi. Hatto jon bergan, deb oʻyladim. Ammo qorinchasini sagʻal bosib, qoʻlimdan kelganicha birinchi yordam koʻrsatgandim, ichidan suv otilib chiqdi. Nafas ola boshladi”, deydi u.
Oradan sal fursat oʻtib, ariqda boyagi ayol ham koʻrindi. U qoʻlida chinqirab yigʻlayotgan ikki yoshli goʻdagi bilan turardi. Aftidan, ayol qanday mudhish ishga qoʻl urganini anglaganu, onalik mehri iyib bolani suvdan chiqarib olgandi.
Bu orada yuzonlik fuqarolar zudlik bilan uni va jabrdiyda bolalarini shifoxonaga yetkazdi. Doktorlarning keyinchalik guvohlik berishlaricha, aynan shu narsa bolalarning hayotini saqlab qolishga sabab boʻlgan. Aks holda...
Xoʻsh, nafaqat oʻzining, balki farzandlarining ham umriga zomin boʻlib, bolakush degan mudhish nom olishiga bir bahya qolgan bu ayol kim edi? U qanday toshbagʻir onaki, gulday ikki polaponining joniga qasd qilmoqqa jurʼat etdi? Yuragi qordek begʻubor bu jajji bolajonlarda nima ayb?
Shu kabi savollarga javob topish uchun Romitan tumanida tugʻilib oʻsgan, endigina 22 yoshga kirgan Shahribonu (ismi sharifi oʻzgartirilgan) toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot berishni lozim topdik. Birinchi turmushidan oilaviy kelishmovchilik tufayli ajrashgan ayol shirindan shakar oʻgʻilchasini olib, Yuqorichirchiq tumanida yashovchi bir erkak bilan sharʼiy nikohdan oʻtdi. Yana oʻgʻil koʻrdi. Ammo “Eski hammom, eski tos”, deganlariday tagʻin oilaviy kelishmovchiliklar yuzaga qalqib chiqdi. Oʻrtadan mehr –oqibat koʻtarildi. Biz esa hozir oila poydevori vazifasini oʻtovchi oʻsha mehru – muhabbat bormidi oʻzi, deya oʻyga tolamiz. Alalxusus, er xorijga ishlagani ketdi. Romitanga – onasinikiga kelgan Shahribonu bu yerda ham tinchini topmadi. Turmush oʻrtogʻining hovlini sotmoqchi boʻlayotgani, boshqa bir ayolga ilakishib qolgani haqidagi mish – mishlar qulogʻiga yetgach, butkul oromini yoʻqotdi. Koʻnglida shayton vasvasa soldi.“Meni ham, ikki bolamni ham hech kimga keragi yoʻq”, degan fikr miyasini zarpechakdek oʻrab oldi.
Bir kuni shaharga borish bahonasida yoʻlga otlandi. “Romitan – Buxoro” yoʻnalishida qatnovchi avtoulovga chiqqach, kimsasiz joyda tushib qoldi. Bu sezganingizdek, Yuzon qishlogʻining bir chekkasi edi.
Voqealarning keyingi rivoji esa Shahribonuning sud stoliga oʻtirishi bilan xotima topdi. Jinoyat ishlari boʻyicha Romitan tuman sudi uning qilmishini atroflicha oʻrgandi. Yaqinlari hamda guvohlarning koʻrsatmalariga, daliliy ashyolarga tayangan holda sud Jinoyat kodeksining tegishli moddalarini qoʻllab uni toʻrt yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Sud hukmiga apellyatsiya tartibida keltirilgan shikoyat appelyatsiya instansiyasi sudlov hayʼati tomonidan qanoatlantirilmadi.Hukm oʻz kuchida qoldi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring