Ichki ishlar organlari reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma kiritishlari mumkin

Ichki ishlar organlari muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni 30 sutkadan koʻp boʻlmagan muddatga reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani 48 soat ichida tayyorlab sudga yuborishadi.
Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov maʼlum qildi.
Mamlakatimizda sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish jarayonida qonun hujjatlarini takomillashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, 2022-yil 16-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun asosida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks “Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida ish yuritish” deb nomlangan yangi bob bilan toʻldirildi.
Mazkur qonun qabul qilingunga qadar ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalari tumanlararo maʼmuriy sudlar tomonidan koʻrib chiqilar edi.
Tumanlararo maʼmuriy sudlar esa, faqat viloyat markazlarida joylashgan.
Boshqacha aytganda, tumanlararo maʼmuriy sudlar hududlar geografik joylashuvi boʻyicha bir-biridan uzoqda joylashgani va ichki ishlar organlari xodimi mazkur ish bilan shugʻullanishi davomida oʻz xizmat joyini uzoq muddat boʻsh qoldirayotgani tufayli muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqish amaliyotini fuqarolarga qulayliklar yaratish nuqtayi nazaridan qayta koʻrib chiqish zarurati yuzaga kelgandi.
Binobarin, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksning muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqishga doir normalari Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga, tegishli ishlarni koʻrib chiqish esa, maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlariga oʻtkazildi.
Aytish kerakki, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning yangi bobi 313-6 – 313-9-moddalarni oʻz ichiga oladi. Ushbu moddalar talabiga koʻra, muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsning reabilitatsiya markaziga joylashtirilishini talab qiluvchi asoslar aniqlangan taqdirda, ichki ishlar organi bunday shaxs ichki ishlar organiga keltirilgan paytdan eʼtiboran 48 soat ichida uni reabilitatsiya markaziga oʻttiz sutkadan koʻp boʻlmagan muddatga joylashtirish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma yuborish uchun materiallarni tayyorlashi shart.
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma va uni reabilitatsiya markaziga joylashtirish zarurligini tasdiqlovchi materiallar muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxs aniqlangan yerdagi yoki reabilitatsiya markazi joylashgan yerdagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudiga ichki ishlar organi tomonidan taqdim etiladi.
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma sudga yozma shaklda beriladi va ichki ishlar organining rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Iltimosnomada sud va ichki ishlar organining nomi, manzili, muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxs haqidagi maʼlumotlar, iltimosnomaga asos boʻlgan holatlar, iltimosnomaning asoslarini tasdiqlovchi dalillar hamda ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati koʻrsatilishi kerak.
Iltimosnomaga:
- tegishli tuman (shahar) ichki ishlar organi boshligʻi tomonidan tasdiqlangan qaror;
- muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsning mamlakatimizdagi oxirgi yashash joyini tekshirish natijalari;
- oʻsha shaxsning tushuntirishi yoki tushuntirish berish rad etilgani toʻgʻrisida dalolatnoma;
- shaxsni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish maʼlumotnomasi;
- shaxsning huquqlari, shu jumladan, advokatning yuridik yordamidan foydalanish huquqi va oʻz yaqinlariga telefon orqali qoʻngʻiroq qilish huquqi tushuntirilganligi haqidagi bayonnoma;
- iltimosnomani asoslovchi boshqa hujjatlar ilova qilinadi.
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma taqdim etilgan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida sudya tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Oʻziga nisbatan reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma koʻrib chiqilayotgan shaxs va ichki ishlar organining vakili sud majlisida ishtirok etishi shart.
Shuningdek, sud majlisida advokat ham ishtirok etishi mumkin.
Sudda iltimosnomani koʻrib chiqish ichki ishlar organi vakilining muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish zarurligi va joylashtirish muddati asoslab beriladigan maʼruzasi bilan boshlanadi. Soʻngra oʻziga nisbatan iltimosnoma koʻrib chiqilayotgan shaxs, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, advokat, sudga kelgan boshqa shaxslarning fikri eshitiladi, taqdim etilgan materiallar tekshiriladi.
Qaror sudya tomonidan alohida xonada chiqariladi. U oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va darhol ijro etilishi lozim.
Qaror ichki ishlar organi vakili, advokat va oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxsga topshiriladi. Qaror ustidan uch kun ichida oʻsha shaxs, uning qonuniy vakili va advokat apellyatsiya tartibida shikoyat berishi, prokuror esa, apellyatsiya protesti keltirishi mumkin.
Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi qaror ustidan berilgan shikoyat yo protestni u kelib tushgan kundan eʼtiboran uch kun ichida yakka tartibda koʻrib chiqadi.
Umuman olganda, qonunchilikka kiritilgan ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalar amaliyotda qulaylik yaratib, insonparvarlikning amaldagi yorqin namunasi hisoblanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring