Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi takomillashtirilmoqda

11:35 19 Dekabr 2025 Siyosat
235 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Taʼkidlanganidek, ushbu Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga, “Qurol toʻgʻrisida”gi hamda “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida”gi qonunlarga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Xususan, hududlarda huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish maqsadida sovuq qurolni olib yurish huquqbuzarligini bir yil davomida takroran sodir etganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda. Jumladan, ushbu huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Jinoyat kodeksining 1261-moddasining toʻrtinchi – sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan oilaviy zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlik sudlanganlarga sudlanganlik holati tugallanganligidan yoki olib tashlanganligidan yoxud amnistiya akti qoʻllanilganligidan keyin oʻn yil davomida ruxsatnoma bermaslikka sabab boʻladi. Agar huquqbuzarda oʻqotar qurol mavjud boʻlsa, ushbu oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarni olib qoʻyilishi nazarda tutilmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Bundan tashqari, ichkilikka ruju qoʻygan shaxslarni majburiy davolanishga yuborish uchun bir yil mobaynida bir martadan ortiq maʼmuriy javobgarlikka tortish emas, balki bir yil davomida bir marta maʼmuriy javobgarlikka tortilganlik asos boʻlishi belgilanmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Bunda shaxsni majburiy davolanishga muhtoj deb topish vakolatini olis hududlarda ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalarga ham berish, shuningdek, narkologik ekspertizalarni oʻtkazish uchun ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiya tuziladigan olis hududlar roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Senatorlar taʼkidlaganidek, Qonunning qabul qilinishi mahallalarda xavfsiz muhitni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha joylarda profilaktika inspektorlarning ishi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?