Hayotning har lahzasi goʻzal

17:51 08 Yanvar 2026 Jamiyat
349 0

Sheʼrning bolalar yo kattalarga moslab yozilgani boʻlmaydi. U sheʼrmi, demak, matni va shoiriga koʻra oʻqilaveradi. Ammo shoirning bolalarbop yo kattalarbopligi boʻlishi chin.

Yana bir haqiqat borki, katta shoir bolalar shoiri boʻla olmasa-da, bolalar shoiri katta shoir boʻlishi mumkin. Anvar Obidjon – ana shunday bolalar shoiri edi, ana shunday katta shoir edi.

Men olti yoshdan maktabga chiqqanman. Demak, oʻshanda besh yosh edim. 2004-yillar. Har tong televizorda oʻsha sheʼr oʻqilardi:

Hayotning har lahzasi goʻzal,

Umrning har dami gʻanimat...

Besh yoshimda televizor orqali yodlagan ekanman shu sheʼrni. “Bogʻchaga bormagan ekan, sheʼr ham bilmasa kerak”, deya olti yoshdan maktabga qabul qilinishimni hayʼat rad etayotganida, direktorga shu sheʼrni boshdan-oxir yod oʻqigan ekanman. Shundan soʻnggina maktabga qabul qilishgan.

Yillar oʻtib, sheʼrdan faqatgina “Birov ishga, birov oʻqishga” degan satr va sheʼrning yashil avtobusli “klip”i esimda qoldi. Juda koʻp axtardim shu sheʼrni. Anvar Obidjon “Saylanma”sida oʻqib, rosa xursand boʻlgandim. Bobomga oʻsha yillarni eslatib, oʻsha sheʼrni oʻqib berganimda bolalarcha quvongan edi…

Bogʻchaga ilk qadam qoʻygan ukalarim ham eng birinchi yodlagan sheʼrlarini oʻqiy boshlaydi: “Piyoz. Anvar Obidjon sheʼri...”

Anvar Obidjon yosh tanlamas, zamon va makon chegarasini bilmas katta shoirimizdir.

“Quddus Muhammadiy, Poʻlat Moʻmin, Hakim Nazir asarlarini oʻqib, Xudoga shukr, shunday ijodkorlarimiz bor-a, deb faxrlanaman. Mark Tven, aka-uka Grimmlar, Sharl Perro, Janni Rodari singari jahonshumul yozuvchilarni oʻqiganda esa ularning oʻziga xosligi, adabiyotga hech kim aytolmagan gaplar bilan kirib kelganini oʻylab, e Xudo, bizga ham ana shunday yozuvchilardan bersang edi, deb ich-ichimdan orzu qilgan paytlarim ham koʻp boʻlgan. Ana shunday ijodkorni Alloh bizga polosonlik Anvar Obidjon qiyofasida berganga oʻxshaydi”, – deb yozgan edi Xudoyberdi Toʻxtaboyev.

Mumtoz adibimiz oʻz fikrini davom ettirgan holda shunday qayd etadi:

“Anvar Obidjon adabiyotga dunyodagi manaman degan bolalar yozuvchilaridan qolishmaydigan kashfiyot bilan kirib keldi. Uning topgan usuli jahondagi bolalar yozuvchilarining birortasida uchramaydi. Misol, novcha terak bilan pakana terakning suhbati. Novcha terak boʻyini koʻz-koʻz qilib maqtasa, pakana terak «Bekor aytibsan! Sening novchaligingni mening pakanaligim bilan oʻlchashyapti. Men pakana boʻlmasam, sening nov-chaligingni kim bilardi?” deydi. Bu gaplar insoniyatga taalluqli. Terak haqida soʻz ketayotgani yoʻq. Ramz – bu».

Hujjatlarda 1947-yil 25-yanvar kuni tugʻilganligi qayd etilgan shoir aslida 8-yanvarda dunyoga kelgan. Asarlarning barchasini teran falsafa va yuksak badiiyat bilan toʻyintirgan Anvar Obidjon sheʼrlarini tili endi chiqqan, soʻzlarni chala-yarim, shirin qilib ayta boshlagan bolajonlar ham yoddan oʻqib, kattalarning olqishu erkalashlariga erishadi. Anvar Obidjon sheʼrlarini moʻylabi sabza urgan yigitchalar doʻrillagan ovozlari bilan oʻqigancha mahbubalari koʻngliga yoʻl izlaydi. Anvar Obidjon asarlarini hayotning achchiq-chuchugini tatigan odamlar oʻqirkan, tashvish oralagan qalblari taskin topadi. Anvar Obidjon kitoblarini oʻqigan oqsoqollar kitobdan koʻz uzolmasdan teran xayollarga toladi. Anvar Obidjonni goʻdaklaru yuz yoshli insonlar oʻqiydi. Anvar Obidjon chinakam xalq shoiri sifatida kattalaru bolalar adabiyotining zalvorli yukini ikki yelkasiga teng olib, mohir dorbozday soʻz sanʼatining zavqli, shu bilan birga, mashaqqatli, qaltis yoʻlidan halol yurib oʻtgan ulkan adib, yoʻl boshida turgan yosh qalblarga kuch-quvvat, dalda berib turgan mehribon ustoz shoirdir. Bu munavvar siymo vatanparvarlik, xalqsevarlik bobida ham hammaga oʻrnak boʻlgan.

Donishmand shoir 2020-yil 11-aprel kuni 73 yoshida vafot etdi. Alloma adib garchand jisman oramizda boʻlmasa-da, uning “Hikmatli hayot” sheʼri yangi avlodlar uchun vasiyat kabi yangrab turibdi:

Rasvo boʻlgan nomus, or uchun,

Jangda oʻlgan doʻst uchun yigʻlang.

Yov toptagan gul diyor uchun,

Taqiqlangan soʻz uchun yigʻlang.

Qolgan dardlar – charxning hazili.

Otabek ISROILOV

(“Xalq soʻzi”).

IKKI JUFT SHEʼR

Anvar OBIDJON,

Oʻzbekiston xalq shoiri

Hayotning har lahzasi goʻzal

Tun pardasi ochilib asta

Chiqib kelar sahnaga quyosh.

Kelinchakdek boʻlib orasta

Gul salomdan koʻtaradi bosh.

Hovli goʻyo artilgan chinni,

Yoʻllar goʻyo yuvilgan oynak.

Qutlash uchun bu yangi kunni

El oyoqda turar jonsarak.

Hayotning har lahzasi goʻzal,

Umrning har dami gʻanimat.

Qaymoq isi yayratar tanni,

Dasturxonda issiq kulchalar.

Suv bosgandek qaqroq oʻzanni,

Odamlarga toʻlar koʻchalar.

Asli hatto goʻdak emizmoq

Barobardir ogʻir yumushga.

Oshiqarlar yuraklar qaynoq,

Birov ishga, birov oʻqishga.

Hayotning har lahzasi goʻzal,

Umrning har dami gʻanimat.

Duch keladi yuzlab chehralar.

Koʻpin qayta koʻrmoqlik mahol.

Ular dilga yaqin naqadar,

Shuning oʻzi tuganmas iqbol.

Barchinoylar nigohida sir,

Alpomishlar koʻzida yashin.

Yoshlik qaytar qalbga sochib nur,

Eslaysan ilk sevgi otashin...

Hayotning har lahzasi goʻzal,

Umrning har dami gʻanimat.

Bir mahallar berishgan salom,

Endi esa olishar alik.

Tillarida duo, xush kalom,

Saodatdir hatto keksalik.

Kulib turgan munchoqkoʻz bola

“Tinchlik” soʻzin solar yodingga.

Sochlaringdan erib oq tola,

Intilasan yana oldinga.

Hayotning har lahzasi goʻzal,

Umrning har dami gʻanimat.

Bu yurtda alp chinorlar oʻsar,

Koʻk gumbazlar oʻngu soʻlingda.

Bir azaga kirib oʻtsang gar,

Soʻng oʻnta toʻy uchrar yoʻlingda.

Goh birovlar tanishar ilk bor,

Goh yigʻilar eski ulfatlar.

Odamzodga dunyo boʻlmas tor.

To mavjuddir shirin suhbatlar...

Hayotning har lahzasi goʻzal,

Umrning har dami gʻanimat.

Bosh koʻtarmas kimdir ishidan,

Kimdir oʻylar ulugʻ bir reja.

Qoʻna boshlar yurtimga kecha.

Bugunidan el koʻngli toʻlib,

Ertangi kun uchun toʻplar dosh.

Anvar shoir charchogʻi boʻlib,

Togʻ ortiga yonboshlar quyosh...

Hayotning har lahzasi goʻzal,

Umrning har dami gʻanimat.

Leytenantga oshiq qiz

Oʻtmasangiz, koʻcham sizni soʻroqlar,

Oʻtsangiz, dil quyosh misol charaqlar.

Boqmasangiz, zorman, agar boqsangiz,

Shod koʻzlarim tugmangizdek yaraqlar.

Uyqum buzar nagʻalingiz tovushi,

Bir kuyganning qiyin ekan sovushi.

Baxsizman goh vaslingizdan noumid,

Baxtliman goh tushlarimda qovushib.

Haloskorsiz ofat kelsa bogʻimga,

Dashtda lochin, burgutimsiz togʻimda.

Intizorman, beqarorman, mushtoqman,

Yashnab boqing peshvoz chiqqan chogʻimda.

Bir qarab oʻting bizga, leytenant,

Zor-u intizor qizga, leytenant.

Buncha yaqinsiz koʻzga, leytenant,

Menga ne kerak oʻzga, leytenant?..

Bitta shoir kamaysa nima...

Bitta shoir kamaysa nima,

Charx yaratar boshqa nusxasin.

Choʻkib ketsa toʻfonda kema,

Pishiqrogʻin yasar ustasi.

Toʻfonlardan seskanma, qalbim,

Qayiqlardek suzma qirgʻoqlab.

Kemaman deb ummonga talpin,

Yuz baloga oʻzingni chogʻlab.

Qayiqlarda – ilinj va xohish,

Kemalarda – orzu va maqsad.

Bugun senda bir olam tashvish,

Gal kelganda oʻzingni koʻrsat.

Yo tilib oʻt dovulning koʻksin,

Yo kemadek gʻarq boʻl izzatda.

Unutmagil – qayiqlar choʻksa,

Olinmaydi hatto roʻyxatga.

Toʻfonlardan seskanma, qalbim!

Ibodat

Saksovulday bukchayib

namoz oʻqir tul kampir,

Oʻylamang u oʻziga

tilayapti deb umr.

Qabul etsa gar Tangri

topshirmoqchi jonini,

Qoʻmsar shahid oʻgʻlin u,

qoʻmsar marhum cholini.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?