Hayotimiz sifati bugun ishlab chiqarish, oziq-ovqat va atrof muhitga bogʻliq
Bugun jahonda global oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi yuz beryapti. Koronavirus pandemiyasi, xalqaro siyosat va mamlakatlar iqtisodiyotidagi bu inqirozlar koʻp yillik anaʼnalar va zanjirlarning uzilishiga va butun dunyo boʻylab qishloq xoʻjaligi va oziq – ovqat mahsulotlarini yetkazib berish tizimida narxlarning oshishi yoki yanada achinarli holat - yetishmovchilikka sabab boʻlayotgani va nihoyat, mutaxassislar tomonidan tan olinmoqda. 2022-yil sentyabr oyida boʻlib oʻtgan Shanhay Hamkorlik Tashkiloti Samarqand sammitida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqish va kelgusi yilda Oʻzbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha xalqaro konferensiya oʻtkazish taklifini bildirgandi. BMT Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha 7 – 8-sentyabr kunlari qadim va koʻhna shaharda boʻlib oʻtgan mazkur xalqaro anjuman ana shu taklif natijasi oʻlaroq tashkil etildi. Unda dunyoning 15 ta mamlakatlari qishloq xoʻjaligi vazirlari, 8 ta mamlakatdan vazir oʻrinbosarlari, 13 ta mamlakatning yuqori darajadagi diplomatlari va 30 dan ziyod xalqaro hamda ilmiy tashkilotlar, shuningdek moliya institutlari vakillari ishtirok etishdi.
2 kun davom etgan anjuman davomida xalqaro tashkilotlar ekspertlari, mutaxassis - olimlar tomonidan oziq-ovqat xavfsizligining dolzarb masalalariga qaratilgan maʼruzalar tinglandi. Konferensiya faoliyatida oziq-ovqat havfsizligining milliy va xalqaro meʼyorlari, mahsulotlarning sifati, qayta ishlash va ozuqalarning biologik qiymatini saqlash masalalari, ekologiya, oziq-ovqat xavfsizligi va salomatlik strategiyasi, ilmiy asoslangan ovqatlanish madaniyatini targʻib qilish muammolari ham oʻrtaga tashlandi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi ekinlarining tashqi taʼsirlarga chidamli, serhosil navlarini yaratish, chorvachilikni yaxshilash, fermer va kichik ishlab chiqaruvchilar uchun axborot-konsalting markazlarini tashkil etish masalalari muhokama markazida boʻldi.
Global iqlim oʻzgarishlari natijasida bugun yer yuzining barcha hududlarida tuproqning yaroqsizlanishi kuzatilyapti, suv resurslari esa yildan yilga kamayib bormoqda. Inson taraqqiyotning choʻqqisini zabt etayotgan bir paytda, aksariyat mamlakatlarga ocharchilik havf solayotgani aslida tushunib boʻlmaydigan vaziyatga oʻxshaydi. Ammo bu - achchiq haqiqat. Oziq-ovqat xavfsizligi, uni barqaror yetkazib berish, ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash masalalari bugun ham oʻta dolzarb boʻlib qolmoqda.
Ekspertlar taʼbiri bilan aytganda, bu faqt rivojlanayotgan mamlakatlargagina havf solmaydi, balki rivojlangan mamlakatlar ham bu vaziyatdan chetda qololmaydi. Insoniyatning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish taboro havf ostida qolayotgani ham, haqiqat
Qishloq xoʻjalik vaziri Aziz Voitovning aytishicha, Oʻzbekistonda qishloq oziq-ovqat sohasini oʻzgartirish jarayonlari ketmoqda. Maqsadga erishish uchun mamlakatda qishloq xoʻjaligi salohiyatini rivojlantirish, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash uchun dunyoning yetakchi olimlarini jalb etish rejalashtirilgan.
Darhaqiqat, Oʻzbekistonda azaldan qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mamlakat iqtisodiyotida muhim yetakchi yoʻnalishlardan sanalgan. Oʻzbekiston zamini oʻzining qadimiy va boy dehqonchilik anʼanalari, xilma-xil va noyob qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan azaldan shuhrat qozonib kelgan. Sohani ilm va innovatsiyalar koʻmagida rivojlantirish esa – bugunning dolzarb vazifasiga aylandi. Qishloq xoʻjalik sohasini raqamlashtirish - zamon talablari asosida rivojlantirishning eng samarali usulidir. Mutaxassis sifatida aytishimiz mumkinki, shu yoʻl bilan xalqimiz dasturxonini toʻkin qilish, oziq – ovqat mahsulotlarining sifatini koʻtarish va ehtiyojimizdan ortganini eksportga ham yoʻnaltirishimiz mumkin. Butun dunyo havasda boʻlgan tabiiiy, sifati yuqori mahsulotlarimizni jahon standartlari asosida qadoqlay olsak, uni sotib olishni istamaydigan davlatning oʻzi boʻlmaydi. Raqamlashtirish bizga ana shunday imkoniyatlarni taqdim etadi. Mamlakatimizda yangidan joriy etilayotgan alohida hududlarda turli yoʻnalishlarga ixtisoslashgan chorvachilik klasterlarining tashkil etilishi ham shu maqsadlar yoʻlidagi qadamlarimizdan biridir. Ana shunda mamlakatimizda eksport-import operatsiyalarini tartibga solish, ehtiyoj katta boʻlgan oziq-ovqat tovarlarini eksport qilishdagi toʻsiqlar, nosogʻlom raqobat, ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan import mahsulotlarining monopoliyalashtirilishi, buning oqibatida narx-navoning sunʼiy oshirilishi, taqchillikning yuzaga kelishi kabi qator masalalar oʻz –oʻzidan yechimini topadi. Bu borada eng yaqin qoʻshnilarimiz bilan hamkorlik qilish ham samaralidir. Negaki Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi umumiy vaziyat bir – biriga yaqin, muammolarimiz ham oʻxshash. Yoki aksincha, imkoniyatlarni birlashtirish orqali ham logistika va eksport masalalarida samarali kelishuvlarga erishish mumkin. Anjuman davomida mintaqa qishloq xoʻjalik vazirlari tomonidan bildirilgan fikrlar ham buni inkor etmaydi.
Xalqaro anjuman yakunlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Bu muhim hujjat Oʻzbekiston hukumati tomonidan BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining texnik koʻmagida tashkil etilgan oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha xalqaro konferensiya yakunlari yuzasidan erishilgan kelishuvdir.
Deklaratsiya endilikda xalqaro hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradi. Bunda iqlim oʻzgarishi, suv resurslarining kamayishi, yerlar degradatsiyasi asosiy yoʻnalishlar sifatida qayd etilgan.
Unda qishloq xoʻjaligida bioxilma-xillikni qoʻllab-quvvatlovchi, suv resurslaridan optimal foydalangan holda ekologik jihatdan eng xavfsiz tarzda rivojlanish, dunyo aholisi, ayniqsa, bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida sogʻlom ovqatlanishni targʻib qilish, qishloq ayollari, shuningdek, davlat darajasida kichik va oilaviy fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash, imkoniyatlarni kengaytirishdan manfaatdorlikni kuchaytirish nazarda tutilgan.
FAO bosh direktori Syuy Dunyuyning eʼtiroficha, “ishlab chiqarishni yaxshilash, ovqatlanish sifatini yaxshilash, atrof-muhit holatini yaxshilash va hayot sifatini yaxshilash maqsadida qishloq joylarda gender tenglikni mustahkamlash, qishloq xoʻjaligini innovatsion rivojlantirish va raqamli qishloq xoʻjaligi masalalarida endilikda hech kim, hech bir mamlakat eʼtibordan chetda qolmaydi.
Zero, barqaror taraqqiyotni taʼminlash uchun shundan boshqa yoʻlimiz ham yoʻq. Dahldorlik – bugun juda muhim. Dunyoning narigi chekkasida yuz bergan iqtisodiy boʻhron har bir mamlakat taqdirida albatta aks etadi. Bu haqiqat Samarqand anjumanida yana bir bor isbotlandi.”
Xudaynazar Yunusov,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan chorvador
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik
va biotexnologiyalar universiteti rektori,
Biologiya fanlari doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring