Hayot falsafasini oʻqiysiz, bunda...

17:38 03 Mart 2022 Jamiyat
983 0

Kuni kecha “Zamin nashr” nashriyoti tomonidan “Tafakkurning 64 nuqtasi” nomli kitob chop etildi. Bu shaxmatning chinakam ixlosmandlari uchun bahoriy sovgʻa, koʻklam tuhfasi boʻldi, deyish mumkin.

Keyingi paytda Oʻzbekistondan yorqin shaxmat yulduzlari, jahon chempionlari, yetishib chiqayotgani bejizga emas. Yurtdoshlarimizning dunyo shaxmat olamini qayta-qayta larzaga solayotgani ham tasodif, deb boʻlmaydi. Zotan, Hindiston, Xitoy kabi davlatlar qatorida Oʻzbekiston shaxmat vatani degan sharafli nomga bemalol daʼvogarlik qila oladi. Afrosiyobda olib borilgan qazishma davomida fil suyagidan yasalgan shaxmat haykalchalarining toʻliq toʻplamiga duch kelingani, qadimiy Dalvarzintepa hududida Kushon imperiyasi davriga oid ikkita noyob shaxmat haykalchasi topilgani zaminimizda shohmot oʻyini eramizdan oldingi asrlarda ham oʻta mashhur boʻlganini tasdiqlaydi.

Darhaqiqat, ajdodlarimiz tomonidan “aql charxi” sifatida qaralgan ushbu oʻyin zaminimizda qadim-qadimdan keng quloch yoygan. Harb ilmi va shatranjda tengsiz boʻlgan Sohibqiron odatdagi shaxmatning qonun-qoidalarini isloh qilib, hatto murakkab shaxmat turini yaratgan. Unga “Shatranji komil” deb nom bergani tarixdan maʼlum.

Prezidentimizning 2021-yil 14-yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori oʻzbek shaxmati rivojida yangi toʻlqinga asos soldi.

Shaxmat fidoyilaridan iborat mualliflar guruhi — iqtisod fanlari doktori, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan iqtisodchi, senator Murtazo Rahmatov, “Karshi open” xalqaro shaxmat turniri asoschisi, Janubiy Rossiya universiteti faxriy professori Anvar Shukurov, Rim (Italiya) universiteti faxriy professori, biologiya fanlari doktori, akademik Bakriddin Zaripov yangi asarda shaxmatning tarixi va buguni, uning inson kamoloti, yoshlar tarbiyasidagi bebaho roli haqida hikoya qilishadi.

— Aslida, shaxmat haqida soʻz aytish oson ish emas, — deydi senator Murtazo Rahmatov. — Zero, shaxmat – ilm, shaxmat – sanʼat, shaxmat – sport. Oʻzida ushbu uch jihatni oʻzida mujassam etgan shaxmat asrlar davomida insonni ezgulikka chorlovchi mashgʻulot sifatida alohida qadrlanadi. Shu bois biz shaxmatning odam olamni anglashidagi beqiyos hissasini ochib berishga harakat qildik. U keng kitobxonlar ommasi, barcha shaxmat ixlosmandlari uchun naf keltiradi, degan umiddamiz.

Shaxmat olami – oʻziga xos dunyo. Bu olam bir vaqtning oʻzida barchaniki hamdir. Unga yoshi, imkoniyati, hatto manzil-makonidan qatʼi nazar hamma birdek sayyor qilishi, tafakkur olamini boyitishi mumkin. Shundan boʻlsa kerak, ushbu sport turi odamlarni ohanrabodek jalb etib kelyapti.

— Shaxmat gʻirromlikni koʻtarmaydi. Shaxmat faqat va faqat aqlga ishonishni oʻrgatadi, — deydi tadbirkor Anvar Shukurov. — 64 katakdan iborat shaxmat taxtasi atrofida oʻtirganlarga, birinchi navbatda, halollikni, adolatni tarbiyalashini taʼkidlashni istar edik. Shu asosda tarbiyalangan boladan biz kutgan avlod – uchinchi Renessans bunyodkorlari chiqadi. Binobarin, bu kitobda siz hayot falsafasini oʻqiysiz, ilm va tafakkurni charxlaysiz.

“Tafakkurning 64 nuqtasi”da ilgari surilgan ezgu gʻoyalardan yana biri vaqtni qadriga yetib, uning har lahzasidan unumli foydalanishdir. Mualliflar eʼtirof etishicha, “aql gimnastikasi” bu borada eng yaxshi ustozdir.

— Eng ommaviy sport turi haqida gap ketsa, ayrimlar «Millionlar oʻyini futbol, deyishi mumkin. Biroq adashishadi. Eng ommalashgan sport turi shaxmatdir, — deydi akademik Bakriddin Zaripov. — Shaxmatning nafaqat futbol, balki boshqa sport turlaridan farqli tomoni shundaki, yoshi, jismoniy imkoniyatidan qatʼi nazar istagan kishi bemalol dona sura oladi. Qolaversa, buning uchun alohida sharoit-sharoit talab etilmaydi. 64 katakli shaxmat taxtasi va donalari boʻlsa, kifoya. Shuning uchun bugun “aql gimnastikasi” bilan shugʻullanish odamlarning kundalik hayot tarzining ajralmas qismiga aylangan.

Kitobxonlar eʼtiboriga taqdim etilgan “Tafakkurning 64 nuqtasi” kitobi shaxmat ishqibozlari uchun eng kerakli va muhim qoʻllanmalardan biriga aylanishi mumkin.

Eslatib oʻtamiz, ushbu kitob “Xalq soʻzi” va «Narodnoye slovo» gazetalari tahririyati bilan hamkorlikda nashr etilgan.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер