Gʻijduvonlik tadbirkor ayol choʻlda 33 gektarlik ekomaskan barpo etdi

10:54 01 Mart 2024 Jamiyat
807 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Istam Ibrohimov, “Xalq soʻzi”. Buxoro nafaqat boy tarixi, noyob yodgorliklari, qadimiy qadamjolari, balki betakror tabiati bilan ham sayyohlarni oʻziga maftun etib kelmoqda. Shuni inobatga olgan gʻijduvonlik tadbirkor ayol Iqlima Joʻrayeva ishbilarmonlik faoliyatini yanada kengaytirib, bepoyon Qizilqumga tutash hududda ekomaskan barpo etdi.

— Loyihani roʻyobga chiqarish uchun choʻldan 33 gektar yer ajratildi, — deydi “Firdavs Amon Oʻktam omadi”, “Koʻkcha oltin moʻyna” kabi masʼuliyati cheklangan jamiyatlari faoliyatini yoʻlga qoʻyib, 40 nafar yurtdoshimizni doimiy ish oʻrni bilan taʼminlagan Iqlima Joʻrayeva. — Biz bir milliard soʻm miqdoridagi sarmoya va AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi USAID tomonidan ajratilgan 31 ming AQSH dollarini shu maqsadni amalga oshirishga sarfladik.

Choʻlda yashash uchun barcha qulayliklarga ega oʻtovlar qad rostladi. Qirq ming tupga yaqin manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi. Besh gektar yerda suv havzasi barpo etilyapti. 20 boshga yaqin ot va tuya sotib olindi. Ekomaskanda tuyaqush, gʻoz, parranda, shuningdek, turli qushlar va jonivorlarni koʻrish mumkin. Sayyohlar maskanda tuya va otda sayr qilishi, kamondan oʻq otishi, baliq ovlashi, choʻl havosida hordiq chiqarishi mumkin.

— Gʻijduvonda qadimiy yodgorliklar, qadamjolar koʻp, — deydi “Kulol Ustozoda” turistik markazi rahbari Alisher Narzullayev. — Hunarmandchilik, jumladan kulolchilik tarixi ham juda olisga borib taqaladi. Shu nuqtayi nazardan tumandoshimiz Iqlima Joʻrayevaning choʻlda ekomaskan barpo etgani ayni muddao. Biz yaqinda bu goʻshada boʻlib, maskanda sayyohlar uchun havas qilsa arzigulik qulayliklar yaratilganiga ishonch hosil qildik.

Aytish joizki, keyingi yillarda viloyatda eko, agro, etno, gastronomik, madaniy, ziyorat, plyaj hamda ekstremal turizm yoʻnalishlariga tegishli 60 dan ziyod turistik xizmat turlari yoʻlga qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер