Ginnes rekordini oʻrnatgan yosh muhandislar

14:00 03 Oktyabr 2025 Jamiyat
186 0

Ota-onalar farzandlari oʻz hayotlarini ilm-fan va yangi texnologiyalar bilan bogʻlashlarini xohlashadi. Joriy yilda poytaxtimizdagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida yosh muhandislar tomonidan Ginnes rekordi oʻrnatilgani fan bilan shugʻullanadigan yoshlarga qanot bagʻishladi. Albatta, bu tasodifmas, necha yillar davomida zamonaviy texnologiyalarni boshqaradigan yosh muhandislarni tayyorlash va ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarning yorqin natijasidir.

Ushbu rekord jarayonida 15 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan 2000 nafar yosh muhandis bir vaqtning oʻzida mini-robotlar yigʻishga bel bogʻladi. Maqsad — qishloq xoʻjaligida foydalanish, xususan, paxta terish jarayonini avtomatlashtirishga qodir robotlarni yasashga qaratildi. Bir urinishda 1946 ta robot toʻliq ishlab chiqarilib, muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Bu bilan oʻzbekistonlik yoshlar Hindiston yoshlari tomonidan 2023-yilda oʻrnatilgan 1459 ta robotlik rekordni ortda qoldirishga erishdi.

Yutuqqa erishganlar orasida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining 30 nafar iqtidorli talaba-yoshlari ham bor. Ilgari bunday yuqori salohiyatli yoshlar faqat poytaxtdagi yetakchi oliygohlarda uchrasa, bugungi kunda Prezidentimizning oliy taʼlimni barcha hududlarda rivojlantirish, ilmiy va innovatsion muhit yaratish borasidagi izchil siyosati tufayli chekka viloyatlarda ham ilm va texnologiyaga chanqoq iqtidorlar yetishib chiqmoqda. Bu taʼlimdagi tenglik, imkoniyatdagi adolat va mamlakat taraqqiyoti yoʻlidagi izchil siyosatning amaliy samarasidir.

— Bugungi muvaffaqiyatlar oʻz-oʻzidan boʻlmadi, — deydi texnika fanlari nomzodi, dotsent Baxtiyor Xoʻshboqov. — Bu Prezidentimizning oliy taʼlimga, xususan, muhandislik sohasiga qaratayotgan izchil eʼtibori, ilmiy-amaliy muhitni rivojlantirish borasidagi qatʼiy siyosat mahsulidir. Bugun universitetimizda yoshlar zamonaviy 3D printerlar, raqamli dasturlashga moʻljallangan kompyuter laboratoriyalari, robototexnika jihozlari va tajribali ustozlar koʻmagida bilim va koʻnikmalarni amaliyotda mustahkamlash imkoniga ega. Shu asosda talabalar nafaqat nazariy bilim olmoqda, balki hayotiy muammolarga innovatsion yechim topish salohiyatini ham shakllantirmoqda. Asosiy maqsadimiz ilmiy salohiyatga ega, amaliyotda iqtidorini namoyish etadigan muhandis kadrlarni tayyorlashdir.

Mazkur rekordda ishtirok etgan talabalardan biri Yodgora Oʻrolovaning yutuqlaridan oilasi, ustozlari minnatdor.

— Eng katta qiyinchilik vaqt bosimida boʻldi, – deydi iqtidorli talaba Yodgora Oʻrolova. – Lekin biz hamjihatlikda bundan chiqib ketdik. Oʻz salohiyatimizni butun dunyoga namoyon qildik. Kelajakda qishloq xoʻjaligi uchun amaliy yechim beruvchi robot yaratish niyatidaman. Bugungi yutuqlardan quvonib, ilmiy loyihamni boshlab yubordim.

Asadbek Qurbonovning ham robototexnikaga qiziqishi Toshkentdagi kichik korxonada oʻyinchoq yigʻish orqali boshlangan. Universitetda bu qiziqish ilmiy asosga ega boʻlib, amaliyotga koʻchdi. U kabi minglab yoshlar uchun muhandislik faqat darslar majmui emas, balki kelajakni qurish vositasiga aylandi.

Bu rekord yoshlarning intellektual qudratini, ularning fikrlash qobiliyati va texnik bilimlarini namoyon etuvchi voqelikdir. Bir paytlar faqat maishiy yoʻnalishlarda qayd etilayotgan rekordlarimiz endi global innovatsiyalar maydonida ham Oʻzbekiston nomini jahonga tanitmoqda. Bu bilan yoshlar faqat nomiga qatnashuvchi emas, balki jarayonlarni boshqaruvchi, yangilik yaratuvchi faol shaxslar ekanini koʻrsatmoqda. Bugun Ginneslar sahifasiga kirgan yoshlar ertangi kunning ixtirochilari, loyiha rahbarlari va taniqli muhandislari boʻlib yetishadi. Mazkur Ginnes rekordi shunchaki tantanali tadbir emas, balki muhandislik sohasida yangi bosqichning boshlanishidir. Bu muvaffaqiyat orqali yurtimiz yoshlari oʻz salohiyatini isbotladi.

Farhod ESONOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер