Germaniyadagi temir yoʻl bekatlarida ahvol keskin yomonlashmoqda — BILD

16:24 25 Noyabr 2025 Dunyo
352 0

Germaniya ichki ishlar vazirligi bergan hisobotga koʻra, mamlakatdagi temir yoʻl bekatlarida ahvol keskin yomonlashmoqda. Bu haqida BILD nashri maʼlum qildi.

Unda aytilishicha, mamlakatdagi temir yoʻl bekatlarida bir kunda mingdan ortiq jinoyatlar sodir boʻlmoqda. Maʼlumot uchun, Germaniya boʻylab 5 ming 700 ta bekat va poyezdlarda oʻtgan yil davomida 381 ming 894 ta jinoyat roʻyxatga olingan.

Rasmiylarning bildirishicha, ayni paytga kelib, roʻyxatga olingan jinoyatlarning umumiy soni 10,1 foizga kamaygan, biroq ogʻir toifadagi jinoyatlar soni oshib bormoqda.

Jumladan, temir yoʻl stansiyalarida jinsiy zoʻravonlik holatlari keskin koʻpaygan. Xususan, 2024-yil davomida mamlakat boʻylab temir yoʻl bekatlarida 2 ming 262 ta jinsiy zoʻravonlik holatlari qayd etilgan. Bu koʻrsatgich 2023-yilga nisbatan 19,2 foizga koʻp. Bu kuniga oʻrtacha oltita shu kabi jinoyatlar sodir boʻlayotganini anglatadi.

Bundan tashqari, Germaniya ichki ishlar vazirligi hisobotida jinsiy tajovuz, zoʻrlash va voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar ham roʻyxatga olingan.

“Temir yoʻl vokzallarida huquqni muhofaza qiluvchi xodimlarga hujum qilish holatlari ham ortib bormoqda. Zoʻravonlik jinoyati yoʻlovchilarning xavfsizligiga uzoq muddatli salbiy taʼsir koʻrsatadi”, — deydi tahlilchilar.

Tahlillar davomida maʼlum boʻlishicha, temir yoʻl stansiyalarida qayd etilgan 27 mingdan ortiq zoʻravonliklarning qariyb 60 foizida jismoniy jarohat yetkazish holatlari aniqlangan. 609 ta holatda esa pichoq ishlatilgan. Tahlilchilar jinoyatchilikning koʻpayishi nafaqat yirik shaharlarga, balki kichikroq vokzallarga ham taʼsir koʻrsatayotganini bildirgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?