Gender tenglikka erishish strategiyasi ijrosi muhokama qilindi

Joriy yilning 7-oktyabr kuni Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasining majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Komissiya raisi, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Majlisda 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi ijro etilishi chuqur tanqidiy muhokama qilindi.
Senat Raisi taʼkidlaganidek, Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, faolligini oshirish, ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlarning manfaatini himoya qilishning qonunchilik va institutsional negizini mustahkamlash yoʻlida muhim choralar koʻrilmoqda.
Ushbu yoʻnalishda 200 dan ortiq kompleks chora-tadbirlar izchil ravishda amalga oshirilib, natijada xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzi sezilarli darajada mustahkamlandi.
Jumladan, oliy taʼlimning bakalavr bosqichida xotin-qizlar ulushi 38 foizdan 53 foizgacha oʻsdi. Magistratura bosqichida bu koʻrsatkich 34 foizdan 66 foizgacha koʻtarildi. Doktoranturada taʼlim olayotgan xotin-qizlar soni esa 584 nafardan 4 129 nafarga yetdi.
Ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarida ham ayollarning faolligi ortib, tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan ayollar soni 69 ming nafardan 262 ming nafargacha koʻpaydi.
Siyosiy sohada xotin-qizlarning ulushi sezilarli darajada oshdi. Xususan, siyosiy partiyalardagi xotin-qizlar ulushi 30 foizdan 41 foizga yetdi, parlamentdagi ulushi esa 16,4 foizdan 34 foizgacha otdi.
Parlamentlararo ittifoq tomonidan yuritiladigan “Parlamentdagi ayollar” reytingida Oʻzbekiston 193 ta mamlakat orasida 130-oʻrindan 38-oʻringa (92 pogʻona) koʻtarildi. Jahon bankining gender tenglik sohasidagi soʻnggi hisobotida Oʻzbekiston dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga mos keladigan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish, ayollar tadbirkorligini yanada rivojlantirish orqali ularning bandligini taʼminlash, zoʻravonlik va tazyiq holatlarining oldini olish hamda boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, majlis davomida mutasaddilarga Gender tenglikka erishish strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berildi.
Mazkur dasturda davlat fuqarolik xizmatida va milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar ulushini oshirish, taʼlim hamda informatsion texnologiya sohalarida xotin-qizlar ishtirokini oshirish, ularning raqamli koʻnikmalarini rivojlantirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirish, tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish mexanizmlarini kuchaytirishga oid masalalarga alohida eʼtibor qaratish vazifasi belgilandi.
Shu bilan birga, majlisda joriy yilning 25-noyabridan 10-dekabrigacha oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan “Zoʻravonlikka qarshi 16 kun” xalqaro aksiyasini samarali tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi. Aksiya doirasida aholi oʻrtasida zoʻravonlikka qarshi kurashish, gender tenglikni targʻib qilish va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli axborot-tadbirlar oʻtkazish rejalashtirilgani taʼkidlandi.
Majlisda respublika va mahalliy ijro organlari mutasaddilarining axboroti eshitilib, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.
Muhokama yakunida Komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring