“Gʻazo chegarasida tirbandlik”: Insonparvarlik yordamini olib kelayotgan 3 mingga yaqin yuk mashinalari Falastinga kira olmayapti

12:22 01 May 2025 Dunyo
236 0

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastindagi qochqinlar boʻyicha agentligining maʼlum qilishicha, ayni paytda Gʻazo chegarasida 3 mingga yaqin yordam yuk mashinalari toʻplanib qolgan. Bu haqida “Al Jazeera” nashri xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, Isroilning ikki oy mobaynida Gʻazoga qoʻllayotgan blokadasi tufayli hudud chegarasida 3 mingga yaqin insonparvarlik yordamlarini olib kelayotgan yuk mashinalari toʻplanib qolgan. Isroil hukumati qoʻygan taqiq tufayli ushbu mashinalarning chegaradan oʻtish imkoniyati mavjud emas.

Taʼkidlanishicha, Gʻazo chegarasida toʻplanib qolgan yuk mashinalar falastinlik mahalliy aholi uchun zarur boʻlgan insonparvarlik yordamlari, jumladan, oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim kechak, tibbiy buyumlar hamda yoqilgʻi olib kelayotgan boʻlgan. BMT Isroilning mazkur harakatini qoralagan. Koʻplab tashkilotlar Gʻazoga gumanitar yordam berishga tayyorligini bildirgan.

Maʼlumotlarga koʻra, Isroil hukumatining Gʻazoga yuborilayotgan yordamlarni hududga kiritmasligi oqibatida, minglab falastinliklar ochlikdan aziyat chekmoqda. Tibbiy muassasalarda esa eng zarur boʻlgan dori-darmonlar zaxirasi ham tugagan. Mahalliy aholining birlamchi ehtiyoji uchun zarur boʻladigan mahsulotlarga talab kun sayin ortib bormoqda.

“Gʻazodagi bir million nafardan ortiq bolalar yordamga muhtoj va ularning hayotini saqlab qolinishi chegarada qolib ketayotgan yuk mashinalariga bogʻliq. Ularsiz bolalarning hayoti xavf ostida qoladi”, — deyiladi BMTning Falastindagi qochqinlar boʻyicha agentligi bayonotida.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq, Isroil kuchlari Gʻazo shahrining sharqidagi va markaziy gubernatorlikdagi ikkita yirik suv quvurlariga ataylab zarar yetkazgan edi. Shuningdek, Deyr al-Balah hududidagi suvni tuzsizlantirish zavodini elektr quvvati bilan taʼminlovchi liniyani ham uzib qoʻygan. Natijada Gʻazo hududini ichishga yaroqli suv bilan taʼminlovchi yirik inshoot faoliyati toʻxtatilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер