Futbol hech qachon toʻxtamaydi — APL shiori
Bugun, 26-dekabr sanasidan Angliya Premyer ligasida 2025-yilgi mavsum doirasidagi “Boxing Day” oʻyinlari start oldi. “Boxing Day” — futbol muxlislari uchun tanish, ammo ayni paytda oʻziga xos atama. Ushbu materialda u nima ekani, uning ahamiyati va joriy mavsumda bu davrda bizlarni qanday bahslar kutayotgani haqida soʻz yuritamiz.
“Boxing Day” nima?
Angliyada aholining katta qismi xristian dinining katolik va protestant yoʻnalishlariga eʼtiqod qiladi. Har yili 25–26-dekabr kunlari ushbu dinga mansub insonlar Rojdestvo bayramini nishonlaydi.
Bu bayram Yangi yil bilan uygʻunlashib, mamlakatda bir necha kunlik dam olish va bayram muhitini yaratadi. Aynan shu kunlari Angliya Premyer ligasi juda zich taqvim asosida 2 ta, baʼzan esa 3 ta tur oʻyinlarini oʻtkazadi. Muxlislar orasida mazkur davr “Boxing Day” nomi bilan mashhur.
Nega aynan “Boxing Day”?
“Boxing Day” atamasining kelib chiqishi ingliz madaniyati va bayram anʼanalari bilan bogʻliq. Ushbu kunlarda boylar kambagʻallarga, rahbarlar oʻz xodimlariga, ota-onalar bolalarga sovgʻalar ulashadi. Sovgʻalar odatda toʻrtburchak qutida taqdim etiladi.
Shu sababli “Boxing Day” atamasi “Qutilar kuni” maʼnosini anglatadi. Futbol nuqtayi nazaridan esa, bu davrda futbolchilar muxlislarga maydondagi qiziqarli oʻyinlarni sovgʻa qiladi.
“Boxing Day” nimasi bilan alohida?
Dunyoning koʻplab yetakchi chempionatlarida (“La Liga”, “A seriya”, “Bundesliga”) Rojdestvo va Yangi yil orasida rasmiy uchrashuvlar oʻtkazilmaydi. Klublar futbolchilarga qisqa taʼtil beradi.
Angliyada esa vaziyat boshqacha. Futbol — madaniyatning ajralmas qismi. Muxlislar bayram kunlari ham stadionlarga tashrif buyurib, sevimli jamoalarini qoʻllab-quvvatlashni maʼqul koʻradi.
Shu bois aynan Angliya Premyer ligasida “Boxing Day” bahslari anʼana sifatida saqlanib qolgan va butun dunyo eʼtiborini oʻziga tortadi.
“Boxing Day” nima uchun qiziq oʻtadi?
Bu davrda jamoalar juda zich taqvimda harakat qiladi. Ayrim hollarda ikki oʻyin orasidagi tanaffus 40 soatdan oshmaydi.
Bu esa futbolchilarning jismoniy holatiga taʼsir qiladi. Natijada oʻyinlarda koʻplab goʻllar uriladi, yirik hisoblar qayd etiladi va murabbiylar rotatsiya qoʻllashi sabab yangi futbolchilar oʻzini namoyon etish imkoniyatiga ega boʻladi.
2025-yilgi mavsumda “Boxing Day” qachon oʻtkaziladi?
2025-yilgi mavsumdagi “Boxing Day” bahslarining birinchi qismi Angliya Premyer ligasining 18-turiga toʻgʻri keladi. Ushbu oʻyinlar 26-dekabrdan 28-dekabrgacha boʻlgan vaqt oraligʻida oʻtkaziladi.
Ikkinchi qism esa 19-tur doirasida boʻlib, 30-dekabrdan 1-yanvargacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi.
“Boxing Day” doirasida kutilgan oʻyinlar
Joriy mavsumda “Boxing Day” davrida muxlislarni quyidagi qiziqarli bahslar kutib turibdi:
“Manchester Yunayted” — “Nyukasl”;
“Arsenal” — “Brayton”;
“Chelsi” — “Aston Villa”;
“Arsenal” — “Aston Villa”;
“Sanderlend” — “Manchester Siti”;
“Kristal Pelas” — “Tottenhem”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring