Fransiyada Kurash boʻyicha Oʻzbekiston Prezidenti sovrini uchun II xalqaro turnir boʻlib oʻtdi

Joriy yil 24-iyul kuni Fransiya poytaxtidagi Emil Antuan nomidagi markaziy sport majmuasida Kurash boʻyicha Oʻzbekiston Prezidenti sovrini uchun II Xalqaro turnir oʻtkazildi.
Uning tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar yurtimizda sportni, jumladan, oʻzbek kurashini rivojlantirishga Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qaratilayotgan alohida eʼtiborni yuqori baholashdi.
Parijda tashkil etilgan ushbu xalqaro turnir buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan kurash sporti brendini jahon maydonlaridagi nufuzini oshirish, yoshlarning milliy sportga boʻlgan qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash va jahon xalqlarining mazkur sport turi bilan shugʻullanishi uchun shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Parij turnirida Yevropa qitʼasining 15 dan ortiq mamlakatidan 20 nafardan ortiq polvonlar gʻoliblik uchun oʻzaro bellashishdi.
Murosasiz oʻtgan bahslar yakunida eng kuchli polvonlar oʻz vazn toifalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritishdi.
Oʻz vazn toifalarida birinchi oʻrin sohiblariga Prezident sovrini sifatida 3000 yevro, 2- oʻrin egalariga 2000 yevro, 3- oʻrinni qoʻlga kiritgan polvonlarga esa 1000 yevro miqdorida pul mukofoti topshirildi.
“Total Eren” kompaniyasi vakili Silan Villion;
— Bugun Parijning yuragi - Eyfel minorasining yonginasida joylashgan yirik sport arenasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston Prezidenti sovrini uchun oʻzbek kurash boʻyicha xalqaro turnirda ishtirok etganimdan juda xursandman. Ushbu musobaqa haqiqatdan ham oʻzgacha koʻtarinki ruhda oʻtdi. Fransiya jamoatchiligi bellashuvlarni katta ishtiyoq va qiziqish bilan kuzatdi. Bugun biz nafaqat oʻzbek madaniyatining bir boʻlagi boʻlgan ushbu sport turi bilan tanishdik, balki dunyoga mashhur oʻzbek oshxonasi, milliy taomlari va kuy-qoʻshiqlaridan ham bahramand boʻldik.
Fursatdan foydalanib, Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasiga, Oʻzbekiston Kurash federatsiyasi hamda barcha tashkilotchilarga oʻzimning minnatdorligimni bildiraman.
Kurash boʻyicha Oʻzbekiston Prezidenti sovrini uchun II Xalqaro turnir gʻolibi Yasmin Grabovski:
— Bu mening ushbu musobaqada ikkinchi marotaba gʻalaba qozonishim. Oʻtgan yili ham birinchi oʻrinni olishga muvaffaq boʻlgan edim. Kurash sport turi oʻziga xos madaniyati bilan boshqalaridan ajralib turadi. Oʻzbek kurashi bilan ikki yildan beri shugʻullanib kelaman, unda oldin dzyudo bilan shugʻullanganman. Albatta, bugungi ishtirokim va gʻalabam menga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
Taʼkidlash joizki, mazkur musobaqaga Fransiyadagi qator yetakchi ommaviy axborot vositalari katta qiziqish bilan qarashdi. Jumladan, “Euronews” xalqaro axborot telekanalida ushbu turnir tafsilotlariga bagʻishlangan turkum lavhalar tomoshabinlarning eʼtiboriga havola qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring