Favqulodda vaziyatlarni bartaraf qilishda nimalarga eʼtibor qaratish muhim?
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Favqulodda vaziyatlarni bartaraf qilish hamda tizimni yanada takomillashtirish” mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi.
Anjumanda Oʻzbekiston Qizil Yarim oy jamiyati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Bosh boshqarmasi, FVV Gidrometeorologik jarayonlarga taʼsir koʻrsatishni boshqarish xizmati, “Xavfsiz daryo” DUK masʼul xodimlari, Fuqaro muhofazasi instituti, FVV Akademiyasi professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Respublikamizda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish, yongʻin xavfsizligini taʼminlashdagi mavjud muammolar, yongʻinga qarshi muhofazani takomillashtirish, favqulodda vaziyatlar profilaktikasi samaradorligini oshirish, sohaga yangi innovatsion texnologiyalarni qoʻllash amaliyotini yanada kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan mazkur anjuman kutilgan samaralarni berdi, desak, mubolagʻa emas.

Tadbir sohaga oid ilgʻor xorijiy tajriba hamda texnologiyalar asosida tizimni innovatsion jihatdan rivojlantirish, yoshlar oʻrtasida ilmiy-ijodiy hamkorlik muhitini mustahkamlash, oʻzaro fikr-mulohaza hamda tajriba almashishlari uchun sharoit yaratib berish, yoshlarni fan-texnika taraqqiyoti yoʻlida birlashtirish hamda yosh olimlarning ilmiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish imkonini berdi.

Anjumanni Akademiya boshligʻi, general-polkovnik Qobul Berdiyev ochib, ilm-fan hamda taʼlim tizimida innovatsion va texnologik gʻoyalarni har tomonlama rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarning innovatsion texnologiyalarni yaratish borasidagi tashabbuskorligini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan zarur choralar koʻrilayotgani, shuningdek, mamlakatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda bartaraf etish masalasi dolzarb ekanligi alohida taʼkidladi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, mamlakatimizda aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha soha xodimlari tomonidan samarali chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Yongʻinga qarshi kurashish kompleks tizimi shakllantirilib, yongʻin va avariya-qutqaruv texnika-jihozlari ishlab chiqarilayotgani, bu orqali moddiy-texnika bazasi bosqichma-bosqich mustahkamlanayotgani qayd etildi.

— Ilm-fan har qanday davlatning bugungi kuni va kelajagini belgilaydigan muhim sohadir, — deydi FVV Akademiyasi oʻqituvchisi, kapitan Mansur Boyxoʻrozov. — Yangi Oʻzbekistonda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar hamda imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan. Bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilayotir.
Akademiyada oʻtkazilayotgan bu kabi anjumanlar yoshlarni sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlariga qaratilgan dolzarb masalalarga yanada qiziqtirish va ularning nazariy bilim hamda amaliy koʻnikmalarini yanada mustahkamlaydi.
Farhodjon HOʻJAYEV,
FVV Akademiyasi katta oʻqituvchisi, mayor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- ICCI 2026: Yangi Oʻzbekistonning qurilish salohiyati – gʻoyalardan keng koʻlamli yechimlargacha
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring