Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boʻyicha oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi

17:48 09 Dekabr 2022 Jamiyat
712 0

“Toshkent” xalqaro aeroportida havo kemasi qoʻnishi paytida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boʻyicha taktik-maxsus oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi.

Mashgʻulot afsonasiga koʻra, bortida 72 yoʻlovchisi boʻlgan samolyotning qoʻnish paytida uning yoqilgʻi bakida yongʻin chiqadi . Aeroport dispetcheri uchuvchilardan favqulodda holat haqida signal olgach, aeroportning barcha xizmatlarini xabardor qiladi. Aeroport va Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv xizmati xodimlari zudlik bilan uchish-qoʻnish yoʻlagiga yetib kelishadi.

«Favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etish uchun 3 ta aeroport xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi, jami 160 kishi, 20 ta texnika va Tu-154 oʻquv samolyoti jalb etildi. 

Shifokorlar va qutqaruvchilar yaradorlarni evakuatsiya qilishdi, ularga birinchi tibbiy yordam koʻrsatishdi, oʻt oʻchiruvchilar yongʻinni oʻchirishdi, aeroport xodimlari esa yoʻlovchilar va ekipaj sifatida ushtirok etishdi. Har bir xodimning oʻz “roli” va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish uchun ajratilgan vaqti bor. Yongʻin 5 daqiqa ichida bartaraf qilindi va barcha jabrlanganlar evakuatsiya qilindi», — deyiladi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabarida.

Aerodromda boʻlib oʻtgan mashgʻulotlar joriy yilning 15-noyabridan 15-dekabriga qadar respublika miqyosida oʻtkazilayotgan yongʻin xavfsizligi oyligi doirasida tashkillashtirildi. 

Tadbir Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Toshkent aeroporti boʻlinmalari oʻrtasida aviatsiya halokati sodir boʻlgan taqdirda idoralararo oʻzaro hamkorlikni amaliy rivojlantirish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda shaxsiy tarkib harakatlarini “avtomatik” darajaga yetkazishga qaratilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?