Fargʻonalik oʻquvchilar bilan fransuz tilida bemalol muloqot qilamiz — Julia Kafe

15:39 12 Fevral 2024 Jamiyat
746 0

Mamlakatimizda keyingi yillarda xorij tillarini oʻrganishga jiddiy eʼtibor qaratilib, bu borada umumiy oʻrta taʼlim maktablarida barcha zamonaviy sharoitlar yaratilayotir. Ayni yoʻnalishda Fargʻona viloyatida rus, ingliz, fransuz, nemis tillariga ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgan boʻlib, ushbu taʼlim muassasalarida xorijlik pedagoglar dars berishmoqda.

2023-yilning sentyabr oyidan boshlab Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining taklifiga koʻra, ikki nafar fransuz tili oʻqituvchisi Fargʻona shahridagi 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻquvchilarga ushbu tilni qunt bilan oʻrgatishyapti.

Julia Kafe va Mahmoudi Kenza oʻtgan qisqa davrda maktab oʻquvchilari bilimini oshirishda bir qator ijobiy natijalarga erishishdi.

— Oʻzbekistonga kelishdan avval yurtingiz haqida yetarlicha maʼlumotga ega boʻlmagan edim, — deydi fransuz tili oʻqituvchisi Julia Kafe. — Ammo Oʻzbekiston xayoliy taassurotlarimga qaraganda ham yaxshi yurt ekan. Ayniqsa, fargʻonaliklarning bir-biriga boʻlgan doʻstona munosabati, samimiyligi menga juda yoqdi. Maktabda yetti nafar fransuz tili fani oʻqituvchisi faoliyat koʻrsatadi. Oʻquvchilar bilan dars jarayoni, qoʻshimcha mashgʻulotlarda ham fransuz tilida bemalol gaplashamiz.

Fargʻona viloyati maktabgacha va maktab taʼlim boshqarmasi axborot xizmati rahbari Odiljon Jalolovning qayd etishicha, til oʻrgatish saboqlari Fransiyadan keltirilgan darsliklar asosida olib boriladi. Mashgʻulotlar Fransiyalik oʻqituvchi va unga yordamchi sifatida biriktirilgan maktabning fransuz tili fani oʻqituvchisi bilan birgalikda tashkil etilyapti.

Shuningdek, maktabda yangi avlod darsliklaridan samarali foydalanish, ularni dars jarayoniga toʻgʻri integratsiya qilish va fransuz tilini oʻrgatish boʻyicha xalqaro metodlarni oʻrganishga qaratilgan trening mashgʻulotlari ham oʻtkazilmoqda. Oʻz navbatida xorijlik mutaxassislar tomonidan haftada ikki kun oʻqituvchilar uchun mahorat darslari, oʻquvchilar uchun esa qoʻshimcha toʻgarak mashgʻulotlari ham yoʻlga qoʻyilgan.

Taʼlim jarayonida xorijlik mutaxassislarning faoliyat koʻrsatayotgani oʻzining ijobiy samaralarini bermoqda. Xususan, 2023-2024 oʻquv yilida oʻtkazilgan fan olimpiadasining viloyat bosqichida fransuz tili fanidan shu maktab oʻquvchilari – Muxlisaxon Yigitaliyeva birinchi, Munavvarxon Ahmadaliyeva esa ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritib, respublika bosqichi yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?