Fargʻonalik oʻquvchi 11 ta nufuzli xorijiy OTMda oʻqish imkoniyatini qoʻlga kiritdi

21:23 15 Fevral 2023 Jamiyat
747 0

Foto: Xalq so‘zi

Dunyoda har bir mamlakat oʻz kelajagi va taqdirini bir olam orzular bilan katta hayotga kirib kelayotgan avlod timsolida tasavvur etadi. Shu maʼnoda, keyingi yillarda yurtimizda yoshlarni har jihatdan barkamol qilib tarbiyalashga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va ragʻbat jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotgani bejiz emas. Buning samarasida yosh boʻlishiga qaramay, iqtidori va salohiyati bilan ulkan yutuqlarga erishayotgan oʻgʻil-qizlarimiz safi kengaymoqda.

Fargʻona viloyati Beshariq tumanidagi 2-umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Abdulloh Muhammadov ulardan biridir.

Gap shundaki, Abdulloh muddatidan oldin xorijning nufuzli 11 ta oliy taʼlim muassasalarida oʻqish imkoniga ega boʻldi. Shu tariqa iqtidorli oʻquvchi 775 ming 520 AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli grant mablagʻini qoʻlga kiritdi.

U oʻqishga qabul qilingan oliy taʼlim dargohlari qatorida AQSH, Malayziya, Shveysariya, Birlashgan Arab Amirliklari singari davlatlarning TOP-100 talikka kiruvchi universitetlari bor.

Shuningdek, 2022-2023 oʻquv yili bitiruvchisi bir vaqtning oʻzida Malayziya universitetiga qabul qilinib, yuz foizlik grant sohibiga aylandi. Unga Shveysariyadagi Franklin universitetida oʻqish boʻyicha ham imtiyoz berilib, buning uchun 97 ming 520 AQSH dollari miqdorida grant ham taqdim etildi. Oʻz navbatida isteʼdodli oʻquvchi Dubaydagi (BAA) Curtin universitetida ham oʻqishi mumkin. Buning uchun unga maxsus sertifikat va grant mablagʻi ajratildi.

— Yaqinda oʻtkazilgan imtihonlarda matematika va ingliz tili fanlari boʻyicha yetarli ball toʻplab, xalqaro SAT sertifikati hamda IELTS xalqaro sertifikatini qoʻlga kiritdim, — deydi Abdulloh. — Kelajakda mamlakatimizda aniq fanlarni jahon andozalari darajasida rivojlantirishga hissa qoʻshishni maqsad qilganman.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?