Fargʻonada Qishloq xoʻjaligi boshqarmasi mutaxassisi 50 ming dollar bilan ushlandi

12:47 24 Yanvar 2026 Jamiyat
259 0

Foto: DXX

Fargʻona viloyati Qishloq xoʻjaligi boshqarmasi bosh mutaxassisi 50 ming dollar pora olayotganda ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, Fargʻona viloyatining Bogʻdod tumanida yashovchi, 42 yoshli (muqaddam sudlangan) shaxs mahalliy tadbirkorga koʻp qavatli uy-joy qurish uchun yer maydoni olishida oʻzining mansabdor tanishlari orqali yordam berishini aytadi.

Xususan, 2020-yilda boshqa bir fuqaroga kam taʼminlangan va ishsiz yoshlarni ish bilan taʼminlash maqsadida issiqxona tashkil etishi uchun ajratib berilgan 29 gektar yer maydonidan 5 gektar qismini toifasini oʻzgartirib, uy-joy qurish uchun olib berish evaziga 400 ming dollar talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs oldindan 50 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning mansabdor tanishi hisoblangan – Fargʻona viloyati Qishloq xoʻjaligi boshqarmasi bosh mutaxassisi ushbu 50 ming dollarni olgan vaqtida qoʻlga olingan.

Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?