Fargʻonada nuroniylarga “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni topshirildi

11:04 13 Oktyabr 2025 Jamiyat
136 0

Fargʻona shahridagi “Afrosiyob” tantanalar majmuasida koʻp yillar davomida yurt ravnaq yoʻlida sidqidildan xizmat qilgan nuroniylarga “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, mamlakatimizda keyingi yillarda inson qadrini ulugʻlash, xususan, keksalarning hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Ayni jarayonda bir umr sidqidildan mehnat qilib, yangi avlod tarbiyasi va el-yurt xizmatida kamarbasta boʻlayotgan otaxon-onaxonlarimizning bugungi hayotidan rozi boʻlib yashashiga qaratilgan izchil saʼy-harakatlar eʼtiborga molik.

Shu maʼnoda, hozirgi kunda Fargʻona viloyatida istiqomat qilayotgan 430 ming nafardan ziyod katta avlod vakillarining jamiyat hayotidagi faolligi va fidoyiligi barchamizni behad mamnun etadi.

Tantanali tadbirda Fargʻona viloyatining barcha shahar va tumanlaridan taklif etilgan 82 nafar ana shunday faxriylarga I, II va III darajali koʻkrak nishonlari taqdim etildi.

— Qirq yildan ortiq vaqt mobaynida matbuot sohasida faoliyat olib boraman, — deydi Beshariq tumanida yashovchi Sobirjon Temirov. — Bugun ham tuman gazetasi bosh muharriri sifatida Beshariqda barcha sohalarda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazish harakatidamiz. Bunday eʼtibor va ragʻbat esa bizga yanada gʻayrat-shijoat baxsh etadi.

Tadbirda mumtoz va qadrdon kuy-qoʻshiqlar jarang sochib, yigʻilganlarga xush kayfiyat ulashdi.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?