Fargʻonada adabiyot bayrami shukuhi

11:49 02 Oktyabr 2025 Jamiyat
188 0

Avval xabar qilinganidek, Fargʻona viloyatida adabiyot bayrami boʻlib oʻtdi. Tadbirlar doirasida viloyat teatr-konsert saroyida milliy adabiyotimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshgan mumtoz ijodkorlarimiz, jadidlar, zamonaviy oʻzbek adabiyotining taniqli vakillari xotirasiga bagʻishlangan adabiy kecha tashkil etildi.

Adabiy-maʼrifiy uchrashuvda Muqimiy, Mirzo Hoʻqandiy, Ashurali Zohiriy, Charxiy, Sobir Abdulla, Oʻzbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov, taniqli ijodkorlar Yoʻldosh Sulaymon, Gʻulom Fatxiddin, Maqsuda Egamberdiyeva, Aʼzam Oʻktam kabi qalam ahlining hayoti va ijodi munosib eʼtirof etildi.

Bayram tadbirida soʻzga chiqqan Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Sherzod Polvonov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqalar oʻzbek adabiyotining buyuk namoyandalarini xotirlash va zamonaviy ijodkorlarni ardoqlash yurtimizda soʻz sanʼatiga boʻlgan eʼtibor hamda ijodkorlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning yorqin namunasi ekanini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Samimiy muloqotda Sirojiddin Sayyid Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov nomiga “Adabiyot fidoyisi” statuetkasini ehtirom ramzi sifatida topshirdi. Eʼtiborli tomoni shundaki, mazkur statuetka respublika miqyosida ilk marotaba taqdim etildi va u aynan Fargʻona viloyati rahbariga berildi.

Shuningdek, fargʻonalik bir guruh ijodkorlarga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga aʼzolik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi. Bayram tadbiri davomida marhum ijodkorlarning oila aʼzolariga esdalik sovgʻalari ham berildi.

— Bu kabi anjumanlar bugun yurtimizda milliy adabiyotimizning boy merosi, ulugʻ allomalarning fidokorona xizmati va zamonaviy ijodkorlarning mehnati munosib qadrlanayotganidan dalolat beradi, —deydi yosh ijodkor Munira Qoʻqonova. — Bunday tadbirlar yosh avlodni maʼnaviy kamolotga yetkazish, adabiyotga muhabbat uygʻotishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maʼnoda, tadbirda bir guruh ijodkorlar qatorida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilinganim menga oʻzgacha gʻurur, shu bilan birga, katta masʼuliyat va daxldorlik tuygʻusi baxsh etdi.

Fargʻonalik ulugʻ allomalar, taniqli shoir va yozuvchilarning tavallud kunlari munosabati bilan oʻtkazilayotgan adabiy uchrashuvlar Qoʻqon shahrida ham davom etdi. Qoʻqon universitetida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosarlari Gʻayrat Majid, Farida Afroʻz Hoʻqandi latif adabiy muhitining oʻzbek adabiyotidagi oʻrni va ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtdi.

Adabiyot muxlislariga katta xursandchilik ulashgan tadbirda qutlugʻ 70 yoshini nishonlayotgan qoʻqonlik taniqli shoira Maqsuda Egamberdiyevaga hamda Charxiyning nabirasi Hafizxon Abduvohidovga, Aʼzam Oʻktamning umr yoʻldoshi Hulkar Hamroyevaga, Gʻulom Fatxiddinning oʻgʻli Nosir Fatxiddinovga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Fargʻona viloyati hokimligining esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tadbirlar davomida elimizning taniqli shoirlari ishtirokidagi mushoira va fargʻonalik sanʼatkorlarning qadrdon kuy-qoʻshiqlari nafis majlislarga yanada fayz va shukuh ulashdi.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер