Fargʻona — yana bir nufuzli anjuman mezboni

13:14 08 Oktyabr 2025 Jamiyat
104 0

Ayni kunlarda Fargʻona shahrida “Innovatsion hamkorlik: oliy va professional taʼlim masalalari boʻyicha Oʻzbekiston – Belarus forumi” boʻlib oʻtmoqda.

Anjumanda Belarus Respublikasi Taʼlim vazirligi rahbariyati, oliy oʻquv yurtlari rektorlari va professor oʻqituvchilari, Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari hamda mamlakatimiz OTM masʼullari ishtirok etyapti.

Ikki davlatning oliy va kasbiy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, taʼlim sohasidagi strategik aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan forum ishtirokchilari dastlab Fargʻona davlat universitetida faoliyatini boshlagan belarus xalqining sevimli shoiri va jamoat arbobi Yakub Kolas nomidagi auditoriya hamda innovatsion loyihalar koʻrgazmasi bilan tanishdi. Shundan soʻng mehmonlar ishtirokida universitet bogʻiga koʻchat ekish marosimi tashkil etildi.

Forumning asosiy tadbiri – “Innovatsion hamkorlik: oliy va oʻrta maxsus taʼlim masalalari boʻyicha Oʻzbekiston – Belarus forumi va kasbiy taʼlim” mavzusida yalpi majlis ham yangi taklif hamda tashabbuslarga boy tarzda oʻtdi. Unda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov, Belarus Respublikasi taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari Aleksandr Baxanovich, Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Sherzodjon Polvonov, Fargʻona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov va boshqalar soʻzga chiqib, xalqaro forumning maqsad va vazifalari, ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari xususida soʻz yuritdi.

Shuningdek, yalpi majlisda ikki mamlakat vakillarining turli mavzulardagi dolzarb maʼruzalari tinglandi, oʻzaro fikr-mulohazalar almashildi. Yakunda hamkorlik bitimlarini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Forum qatnashchilari Fargʻona davlat universiteti qoshidagi Lola Murotova nomli agrar texnikumga tashrif buyurib, taʼlim dargohida qishloq xoʻjaligi sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan tizimli ishlarni koʻzdan kechirishdi. Pedagoglar va oʻquvchi-yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot olib borishdi.

Forum ishtirokchilarining qadimiy va hamisha navqiron Margʻilon shahri boʻylab uyushtirgan sayohati ham juda maroqli oʻtdi.

Xalqaro anjuman bugun ham oʻz faoliyatini davom ettirmoqda. Dasturga koʻra, alohida guruhlarga boʻlingan holda “Oʻzbekiston va Belarusning taʼlim sohasidagi hamkorligi”, “Ilm-fan sohasidagi hamkorlik”, “Professional kadrlar tayyorlash tizimida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish" kabi mavzularda treninglar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер