Fargʻona mevalari Tokio, London va Dubaydagi savdo tarmoqlarida xaridorgir
Bu yil Fargʻona viloyatida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida yetishtirilgan mahsulotlarni Yevropa, Osiyo va arab davlatlariga eksport qilish koʻlami yanada kengaydi.
Xususan, Quva tumanidagi “Quva Agro Star” MCHJ yaqinda xalqaro sifat sertifikatini qoʻlga kiritib, viloyatda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini Yaponiya, Buyuk Britaniyaga eksport qilishni yoʻlga qoʻydi. Oʻz navbatida, yaqinda fargʻonalik tadbirkorlar tashabbusi bilan BAAning Dubay shahrida savdo uyi tashkil etildi. Natijada viloyatda yetishtirilgan meva-sabzavotlarni arab davlatlari bozorlari hamda yirik savdo tarmoqlariga tizimli ravishda yetkazib berish imkoniyati yaratildi.
Shu yilning sentyabr oyida fargʻonalik eksportyor korxonalar tomonidan namuna sifatida yetkazilgan uzum yaponiyalik xaridorlarga maʼqul kelib, mahsulot yuqori baholandi. Buning samarasi sifatida ushbu mamlakatga qiymati 1 million AQSH dollari boʻlgan uzum eksporti boʻyicha shartnoma imzolandi.

Oʻzaro kelishuvga koʻra, sentyabr oyida yetkazib berilgan 1 tonna “Kelin barmoq”, “Qora kishmish” navli uzumlar Tokio bozorlarida qisqa muddatda xaridorgir boʻlib ulgurdi. Shuningdek, anor va xurmo Kunchiqar yurtda istiqomat qiluvchi xaridorlarga manzur boʻldi.
— Ayni jarayonda oʻtgan oyda ham buyurtma asosida Yaponiya poytaxti – Tokio shahriga ikki marotaba uzum, anor va xurmo mevasi eksport qilindi, — deydi “Quva Agro Star” MCHJ rahbari Shavkat Aliqulov. — Shu bilan birga, sentyabr-oktyabr oylarida Buyuk Britaniya kompaniyalari bilan qator onlayn muloqotlar oʻtkazilib, umumiy qiymati 1 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolanishiga erishildi.
Shartnoma doirasida Buyuk Britaniya poytaxtiga uzum, anor, xurmo, behi, qovun hamda turli koʻkatlar yetkazib berildi. Taʼkidlash oʻrinliki, buyurtmachilar tomonidan eksport qilingan mahsulotlar sifati va qadoqlanishi toʻliq xalqaro standartlarga mos ekanligi eʼtirof etildi.
Botir MADIYOROV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring