“Faol hayotga qadam” dasturi koʻngillarga malham boʻlmoqda

“Salomatlik – tuman boylik” deyishgani bejiz emas. Oʻylab qaralsa, tongda turib gullarga suv quymoqning oʻzi ham taqdirning goʻzal bir inoyatidir. Kogon tumanidagi Sarayon mahallasida yolgʻiz yashovchi Xosiyat Shuchakovani kechmish shu kichik bir baxtdan ham mosuvo etgandi. Yurak xastaligi va unga yondosh kasalliklar sababli u bemalol harakatlana olmas, hayotda qiyinchiliklarga duch kelayotgandi.
Mahalla ijtimoiy xodimi tomonidan Xosiyat ayaning ahvoli oʻrganildi. Unga “Faol hayotga qadam” dasturi doirasidagi xizmatlar tavsiya etildi. Natijada u xonadonda qatnov asosida tibbiy-ijtimoiy reablitatsiya va uyda qarab turish xizmatlari bilan qamrab olindi. Bundan tashqari, piyoda yurishini osonlashtirish maqsadiga unga rollator uskunasi taqdim etildi. Bu koʻmak vositasi Xosiyat ayaning ahvolini ancha yengillashtirdi. Endi u mustaqil tarzda koʻchaga chiqish, qoʻni-qoʻshnilar bilan suhbatlashish, doʻkonga borish, ochiq havoda sayr qilish va hatto gullarga suv quyish imkoniga ega.
— Yaxshi insonlardan, davlatimizdan minnatdorman, — deydi Xosiyat aya. — Meni aslo yolgʻizlatib qoʻyishmadi. Oʻzimni yaxshi his etyapman. Ertangi kundan umidim katta.
Darvoqe, “Faol hayotga qadam” dasturi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-iyundagi “Oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga vaucher asosida yangi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish tartibini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, u Xosiyat Shuchakovaga oʻxshagan yakka-yolgʻiz yashovchi, nogiron, ehtiyojmand fuqarolarning turmush tashvishlarini yengillashtirishda asqatmoqda.
Istam IBROHIMOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring