Yevropa Komissiyasi yadro energetikasini “yashil energetika” deb tan oldi
Arxiv surat
Yevropalik qonunchilarning yadro energetikasini “yashil energetika” maqomiga loyiq koʻrish yoki koʻrmaslik borasidagi qizgʻin munozaralari yakunlandi, deb hisoblash mumkin.
Gap shundaki, 2022-yil 2-fevral kuni Yevropa Komissiyasi “Iqlim toʻgʻrisida qoʻshimcha vakolat berilgan qonun”ni tasdiqladi. Bu maʼlum shartlar asosida yadro va gaz energetikasi sohasidagi loyihalarni Yevropa Ittifoqi taksonomiyasiga kiritish imkonini beradi. Yevropa Ittifoqi taksonomiyasi iqtisodiy faoliyatni ekologik talablarga muvofiqligi nuqtayi nazaridan toifalarga ajratuvchi hujjatdir. Unga koʻra, atom elektr stansiyalariga 2045-yilgacha, gaz infratuzilmasiga esa 2030-yilgacha yangi sarmoyalar kiritishga ruxsat berilmoqda.
Yevropada boshlangan energiya inqirozi va u bilan bogʻliq ravishda, biznes sohasi va jamiyatdagi tobora kuchayib borayotgan keskinlik shuni koʻrsatdiki, qayta tiklanadigan energiya “yashil” iqtisodiyotiga yagona yoʻl sifatida oʻtish avvalgidek ideal emas. Siyosatchilar, iqtisodchilar va ekologlar iqlim majburiyatlarini bajarish, hamda issiqlik va yorugʻliksiz qolmaslik maqsadida past uglerodli energiya manbalariga oʻtish uchun yanada oqilona yondashuv zarurligini angladilar.
Xususan, 2021-yilning noyabr oyida mutaxassislar atom energetikasi, haqiqatdan ham past uglerodli ekanligini tasdiqladilar. Butun hayot sikli davomida karbonat angidrid (CO2) emissiyasi quyosh, shamol, gidroenergetika va ulardan ham koʻproq issiqlik energiyasi bilan raqobatlashadi. Shunday qilib, Lyuksemburg fan va texnologiya instituti (LFTI) hamda Butunjahon yadroviy assotsiatsiyasi (BYAA) bilan birgalikda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMTEIK) tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, atom elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan bir kilovatt elektroenergiya uchun 5,1 dan 6,4 grammgacha CO2 emissiyasini hosil qiladi. Taqqoslash uchun, quyosh elektr stansiyalari har kilovatt soatiga 8 dan 83 grammgacha CO2 emissiyasini hosil qilishini koʻrish mumkin.
Atom energetikasini “Yevropa ittifoqi taksonomiyasi”ga kiritish qarori juda muhim. Chunki koʻpgina Yevropa mamlakatlari allaqachon atom quvvatlariga ega va masalan, Germaniyadan farqli oʻlaroq, undan voz kechmoqchi emaslar. Bugungi kunga kelib, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 114 ta reaktor ishlamoqda va bu dunyodagi atom energetikasi reaktorlari umumiy sonining 26 foizini tashkil etadi. Ular Yevropa uchun ishlab chiqariladigan barcha elektr energiyasining 27,4 foizini yetkazib bermoqda.
Mutaxassislarning baholash va tavsiyalarini, shuningdek, fan va texnika yutuqlarini hisobga olgan holda Yevropa Komissiyasi gaz va yadroviy faoliyatga, oʻtish davridagi shartlarga qatʼiy rioya qilgan taqdirda, xususiy sarmoya kiritish muhim rol oʻynashi mumkin, deb hisoblaydi. Masalan, atom energetikasi yadro va ekologik xavfsizlik talablariga toʻliq javob berishi zarur.
“Yevropa Ittifoqi 2050-yilgacha iqlim barqarorligiga erishish tarafdori va bu maqsadga erishish uchun qoʻlimizdagi barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Oʻtish davrida xususiy sarmoyalarni koʻpaytirish bizning iqlim oʻzgarishi sohasidagi maqsadlarimizga erishishning kalitidir. Bugun, biz koʻmir kabi zararli energiya manbalaridan uzoqlashishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mablagʻni safarbar qilishga yordam beradigan qatʼiy shartlarni oʻrnatmoqdamiz. Sarmoyadorlar har qanday investitsiya qarorlarini qabul qilishda gaz va yadroviy faoliyatni osongina aniqlashlari uchun biz bozorning shaffofligini oshirmoqdamiz”, deydi Iqtisodiy barqarorlik boʻyicha Yevropa Komissiyasi aʼzosi Mayrid MakGinnes.
Yevropa komissiyasi qarori oʻzbekistonlik ekologlarning ham eʼtiborini tortdi. Ularning fikricha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan ushbu qoʻshimcha qonunning qabul qilinishi bugungi kunda dunyodagi atom energetikasini elektr energiyasi ishlab chiqarishning asosiy manbalaridan biri sifatida ahamiyatini tushuna boshlaganini koʻrsatdi.
“Yadro energetikasining «yashil” iqtisodiyotini rivojlantirish taksonomiyasiga kiritilishi, hatto bir qator oʻzgartishlar va qoʻshimcha tadqiqotlar bilan ham ushbu sohaga keng sarmoya kiritish uchun eshik ochadi. Jahon hamjamiyatining atmosferaga karbonat angidrid chiqindilarini minimallashtirishni va atom energiyasini ilgʻor energiya texnologiyalariga asoslangan iqtisodiy barqaror faoliyat roʻyxatiga kiritishni taʼminlash istagi barcha mamlakatlar iqtisodiyotining rivojlanishi uchun sharoit yaratadi. Muqobil energiya turlari (quyosh, shamol parklari va gidroelektrostansiyalar) kerakli miqdordagi elektr energiyasini ishlab chiqarishni toʻldiradi, ammo ular atom energiyasini almashtira olmaydi. Boshqacha qilib aytganda, iqtisodiy koʻrinishdagi formulasi quyidagicha — resurslarni kam olish (yer, xom-ashyo) — koʻproq energiya ishlab chiqarish. Bu holat hozirgi paytda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun barqarorlikning asosiy tamoyilidir», deydi “UzLITI Engineering” kompaniyasining atrof-muhitni qoʻllab-quvvatlash guruhi rahbari Lyudmila Xegay ushbu qarorga izoh berarkan.
Eslatib oʻtamiz, 2020-yilda Oʻzbekistonda 2020 — 2030-yillarda mamlakatni elektr energiyasi bilan taʼminlash konsepsiyasi qabul qilingan boʻlib, unga koʻra qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqarish ulushi 26 foizni, atom elektr stansiyalarida 15 foizga yaqinini tashkil etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring